Turkiya “oyog‘idan osilgan Erdo‘g‘an” uchun o‘ch olyapti: rasmiy tashrif bekor qilindi

Olam

image

Turkiya hukumati Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonssonning 27 yanvarga mo‘ljallangan Turkiyaga tashrifini Stokgolmda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tufayli bekor qildi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusiy Akar bugun, 21 yanvar kuni Germaniyadagi Ramshteyn aviabazasida G‘arb davlatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlar bilan uchrashib, Shvetsiya Mudofaa vazirining Turkiyaga tashrifini bekor qilinganini aytgan.

“Prezidentimiz va Turkiyaga nisbatan jirkanch harakatlarga javoban hech qanday chora ko‘rilmaganini ko‘rib, afsusdamiz. Shuning uchun ayni damda Shvetsiya Mudofaa vaziri Yonssonning 27 yanvarga rejalashtirilgan Turkiyaga tashrifining ahamiyati va ma’nosi yo‘qolib bormoqda. Shuning uchun biz tashrifni bekor qildik”, deydi Hulusiy Akar.

Shuningdek, Turkiya mudofaasi rahbari Madridda imzolangan memorandumda nazarda tutilgan majburiyatlar Shvetsiya va Finlyandiya tomonidan bajarilishini talab qilgan. 

Bundan tashqari, u Ramshteyn havo bazasida Pentagon rahbari Lloyd Ostin va NATOning boshqa mudofaa vazirlari bilan muzokaralar haqida ham gapirgan. Unga ko‘ra, uchrashuvda AQSH Mudofaa vazirligi Anqaraga samolyotlar yetkazib berish masalasida Turkiyani kuchli qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Shvetsiya poytaxtida Turkiyada terrorchi tashkilot deb hisoblanuvchi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP)ni qo‘llab-quvvatlash uchun norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgandi. Aksiya chog‘ida Stokgolm meriyasi yonida Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga o‘xshagan qo‘g‘irchoq oyoqlaridan osilib qoldi. Turkiya hukumati bu harakatni qoraladi. Shvetsiyaning Anqaradagi elchisi ikki marta Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va norozilik bildirildi. 15 yanvar kuni esa Erdo‘g‘an Turkiya parlamenti Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilishi uchun bu davlatlar Turkiyaga 130 ga yaqin terrorchini ekstraditsiya qilishlari kerakligini aytdi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Turkiya Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing