Yevropa rus gazini rublda olmasa, Moskva qanday chora ko‘radi?
Olam
−
28 mart 2022
26768Rossiyada hozir rus gazi uchun rublda to‘lash tartibi ishlab chiqilmoqda. Xaridorlar rublda to‘lov qilishdan bosh tortsa, Moskva yetkazi berishni to‘xtatadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Yetkazib berish jarayoni juda va juda murakkab. Bu siz biror mahsulot xarid qiladigan va kassada to‘lovni amalga oshiradigan do‘kondek emas, shuning uchun bu yetkazib berish, to‘lash, hisoblarni yuritish vaqt o‘tishi bilan cho‘ziladigan jarayon. Hozir barcha usullar ishlab chiqilmoqda”, deydi Peskov jurnalistlarga.
Uning ta’kidlashicha, bu masala idoralar o‘rtasida, “Gazprom” bilan muhokama qilinmoqda.
“Va keyin aniq muddat belgilanadi”, deya qo‘shimcha qilgan Kreml vakili.
Agar Yevropa rublda to‘lashdan bosh tortsa, Moskvaning harakatlari qanday bo‘ladi, degan savolga Peskov: “Biz muammolarni ular mavjud bo‘lganda hal qilamiz”, deb javob qaytargan.
“Biz gazni tekin yetkazib bermasligimiz aniq. Buni mutlaq ishonch bilan aytish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bizning sharoitimizda umumevropa xayriya ishlari bilan shug‘ullanish deyarli mumkin emas va maqsadga muvofiq emas”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
LiveBarchasi