Yevropa Kengashi Rossiya a’zoligini to‘xtatdi

Olam

image

Yevropa Kengashi Rossiyaning undagi vakillik huquqini to‘xtatdi. Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasi tashkilot tarixida birinchi marta shunday qaror qabul qildi.

Yevropa Kengashi Vazirlar Qo‘mitasi (YeKVQ) Rossiyaning Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi (YeKPA) va YeKVQdagi vakillik huquqini to‘xtatib qo‘ydi. Bunga rasmiy Moskva tashkilot ustavining 3-moddasini jiddiy buzganligi sabab bo‘ldi. Ushbu moddada “qonun ustuvorligi prinsipini” tan olishni” va uning yurisdiksiyasi ostidagi barcha shaxslarga inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya etilishini kafolatlashni majburiy etib belgilagan.

Qaror Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumi tufayli darhol kuchga kirdi, deyiladi Yevropa Kengashi bayonotida.

Shu bilan birga Rossiya Yevropa Kengashining a’zosi va YeKning tegishli konvensiyalari, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lib qolmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga Rossiyadan saylangan sudya ham sud a’zosi bo‘lib qoladi va Rossiyaga qarshi berilgan shikoyatlar sud tomonidan ko‘rib chiqilishi davom etadi.

A’zolikni to‘xtatib turish yakuniy chora emas, balki aloqa kanallarini ochiq qoldiradigan vaqtinchalik choradir, deya ishontirgan Yevropa Kengashi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing