Yevrokomissiya raisi Putinga qarshi ayblovlar bilan chiqdi

Olam

image

Bugun, 23 avgust kuni nishonlanadigan “Stalinizm va natsizm qurbonlarini xotirlash Yevropa kuni” munosabati bilan Yevropa komissiyasi raisi, nemis siyosatchisi Ursula fon der Lyayen Rossiya davlati rahbari Vladimir Putinni keskin tanqid qildi. Bu kun shuningdek, butun totalitar va avtoritar tuzumlar qurbonlarini xotirlashning umumevropa kuni deb ham ataladi.

“Bu yil Putin urush dahshatlarini Yevropaga qaytardi va tinchlikni oddiy hol sifatida qabul qilib bo‘lmasligini eslatdi”, degan Yevrokomissiya rahbari. 

U Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini noqonuniy va asossiz deb, qoralagan.

Siyosatchining qayd etishicha, Rossiya davlati nazoratidagi tashviqot tarixni buzib, fitna nazariyalarini tarqatadi va unga qarshi chiqqan har bir kishi jazolanadi. Va Ukraina o‘z pozitsiyasini himoya qilmaguncha tinchlik bo‘lmaydi.

“Ukraina fuqarolari ittifoqimiz asos solgan qadriyatlarni himoya qilish uchun o‘z jonlarini fido qilyapti”, deb ta’kidlagan Yevrokomissiya rahbari.

Yevropa parlamenti tomonidan e’lon qilingan Stalinizm va natsizm qurbonlarini xotirlash Yevropa kuni 2009 yildan beri 23 avgust kuni nishonlanadi. 1939 yilda, shu kuni Germaniya va SSSR o‘rtasida hujum qilmaslik to‘g‘risidagi pakt va hududiy va siyosiy qayta tashkil etilgan taqdirda Finlyandiya, Latviya, Estoniya, Litva va Polsha yerlarida tomonlarning “manfaat doiralari chegaralarini” belgilab beruvchi Maxfiy qo‘shimcha protokol imzolandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing