Yevrokomissiya rahbari Ukraina importiga qo‘yilgan taqiqqa chora topdi

Olam

image

Yevrokomissiya rahbari bozorlari Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari oqimidan zarar ko‘rgan Yevropa Ittifoqining beshta davlatiga vaziyatni yaxshilash uchun yechimlar taklif qildi. Bu haqda bugun, 19 aprel kuni Yevrokomissiya rasmiy vakili Dana Spinant Bryusseldagi brifingda ma’lum qildi 

Uning aytishicha, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Slovakiya va Vengriya hukumatlariga Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan bog‘liq mavjud vaziyatdan chiqish yo‘li bo‘yicha takliflar yozilgan xat yuborgan. Fon der Lyayen o‘z murojaatida mamlakatlarning Yevropa Ittifoqi bozorlariga ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi ko‘payishidan qo‘rqishidan to‘liq xabardor ekanini ta’kidlagan. Ursula fon der Lyayenga ko‘ra, bu muammolarni hal qilish uchun yagona bozor va Yevropa bojxona ittifoqini hisobga olgan holda umumevropa yondashuvini shakllantirish zarur.

Yevropa Komissiyasining taklifi uch qismdan iborat. Birinchisi, besh mamlakatdagi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million yevro miqdoridagi yangi moliyaviy yordam paketi. Ikkinchisi, don, bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar va kolza uchun Yevropa Ittifoqi savdo qoidalariga muvofiq profilaktika choralari. Uchinchisi, Yevrokomissiyaning Ukrainadan Yevropa Ittifoqi bozoriga kiradigan boshqa mahsulotlarga nisbatan tergovi.

“Bir tomondan, biz Ukraina eksportini, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlashga intilamiz, chunki bu Ukraina iqtisodiyoti uchun hayot yo‘li, biz ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan jahon bozorlariga olib chiqishga intilamiz. Boshqa tomondan, biz fermerlarimizni qo‘llab-quvvatlashga to‘liq sodiqmiz”, deydi Dana Spinant.

Eslatib o‘tamiz, bozorning Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘ldirilishi oqibatida mahalliy fermerlarning zarar ko‘rgani sababli Polsha, Vengriya, Slovakiya va Bolgariya Ukrainadan don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini  import qilishni taqiqlagandi. Yevropa Ittifoqi esa mazkur harakatlardan norozi bo‘lgan, shuning uchun ushbu hafta ichida YeIga a’zo davlatlarning Bryusseldagi elchilari ushbu masalani muhokama qilishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Ursula fon der Lyayen Evrokomissiya oziq-ovqat importi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing