Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan aloqalarni davom ettirishini aytdi
Olam
−
23 mart 2022 5347 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan aloqada davom etishini aytdi. Bu haqda davlat rahbari Anqarada Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ma’lum qilgan.
"Turkiya Ukrainadagi inqiroz boshidanoq aniq pozitsiyani egalladi, biz sog‘lom fikrga chaqiramiz va keskinlik kamayishini istaymiz. Bunga erishish uchun intensiv maslahatlashuvlar o‘tkazmoqdamiz. Zelenskiy va Putin bilan aloqalarni olib borishda davom etmoqdaman", deydi Turkiya rahbari.
Mart oyi o‘rtalarida Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan munosabatlarni saqlab qolish zarurligini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot uchun, Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolarda bir tomonni aniq yoqlab chiqmayotgan bo‘lsada, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq doimiy ravishda Qrim anneksiyasini qoralab keladi. Jumladan, Erdo‘g‘an, mart oyining ikkinchi dekadasida Antaliyada o‘tgan diplomatik forumda so‘zlagan nutqida ham Turkiya Qrim anneksiyasini tan olmasligini yana bir bor ta’kidladi
Shuningdek, mamlakat Rossiya va Ukraina mojarosini hal etishda yaxshi vositachi ham bo‘lmoqda. Joriy yilning 10 mart kuni urush boshlangandan buyon ilk bor bor Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li guvohligida uchrashdi. Ushbu muzokaralar ortidan, 16 mart kuni Chavusho‘g‘li Moskvaga bordi va Lavrov bilan uchrashdi
Lavrovga ko‘ra, Moskva va Anqaraning Ukrainadagi vaziyatga yondashuvlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, biroq Rossiya Turkiya pozitsiyasini hurmat qiladi va qadrlaydi.