YeI referendumlar uchun zudlik bilan Rossiyaga sanksiya kiritadi – Borrel

Olam

image

Ukrainaning Donbass mintaqasi, Zaporoje va Xerson viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan referendum tufayli Yevropa Ittifoqi davlatlari imkon qadar tezroq Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qiladi. Shuningdek, Bryussel Kiyevga harbiy yordam berishda davom etadi. Bu haqda kecha, 21 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel hamjamiyat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi TASS.

“Rossiyaga qarshi qo‘shimcha cheklov choralari hamkorlarimiz bilan kelishilgan holda zudlik bilan, imkon qadar tezroq kiritiladi. Biz Ukraina sa’y-harakatlarini zarur bo‘lganda harbiy texnika yetkazib berish orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, deydi Borrel.

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari ham shaxsiy, ham sektoral bo‘ladi, deydi Borrel.

“Bugun biz Ukrainaga qurol yetkazib berish va rivojlantirish orqali harbiy yordam berishda etamiz. Shuningdek, biz shaxsiy va sektorlarga oid yangi cheklovlarni o‘rganamiz va qabul qilamiz”, deydi Borrel.

U qanday sanksiyalar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi va bugun faqat siyosiy qaror qabul qilinganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-27 sentyabr kunlari Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida ushbu hududlarning Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendumlar o‘tkazilishi kutilmoqda. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

37

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing