YeI Isroilga G‘azo bo‘yicha talab qo‘yadi – “Reuters”

Olam

image
Tramp G‘azoni “tozalamoqchi”. Bu Yaqin Sharq uchun nimani anglatadi? north_east

Tramp G‘azoni “tozalamoqchi”. Bu Yaqin Sharq uchun nimani anglatadi?

Yevropa Ittifoqi (YeI) rahbariyati joriy yilning 24 fevral kuni 2022 yildan beri ilk bor o‘tkazilayotgan YeI – Isroil assotsiatsiya kengashi yig‘ilishida G‘azo sektoridagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini Isroil tomoniga taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda YeIning Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha dastlabki bahosi aks etgan hujjatga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda Yevropa diplomatlari Isroildan G‘azo sektoridan ko‘chirilgan va qochqin aholini “xavfsiz va munosib sharoitda” uylariga qaytarish uchun barcha sharoitlarni yaratishga kafolat berishni talab qiladi. Hujjat matniga binoan, YeI G‘azo infratuzilmasi va iqtisodiyotini “tez fursatda tiklash” jarayoniga o‘z hissasini qo‘shishni rejalashtirgan va Isroildan bu hududga to‘liq gumanitar yordam yetkazilishiga imkon yaratishni talab qiladi. 

Shuningdek, Yevropa diplomatlari YeI Isroilning o‘z xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini, biroq “ikki davlat prinsipiga asoslangan yechimning hayotiyligini buzadigan har qanday harakatga qat’iy qarshi” ekanini ta’kidlamoqchi. “Reuters” keltirgan hujjatda “YeI tinch aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar orasidagi qabul qilib bo‘lmaydigan darajadagi qurbonlar sonidan hamda G‘azoga yetarlicha gumanitar yordam yetkazilmagani tufayli yuzaga kelgan fojiali gumanitar vaziyatdan chuqur afsusda” ekani qayd etilgan.  

Nashrning yozishicha, YeIning pozitsiyasi arab davlatlarining G‘azo sektoridagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha qarashlariga mos keladi, biroq AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlariga zid.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 fevral kuni Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Vashington Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlash maqsadida G‘azo sektoriga uzoq muddatli egalik qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. U, shuningdek, G‘azodagi falastinliklarni boshqa mintaqa davlatlariga ko‘chirish g‘oyasini ilgari surib, bu davlatlar bunday ko‘chirish uchun mablag‘ to‘lashlari kerakligini ta’kidlagan. Trampning taklifiga arab davlatlari, Eron va ayrim G‘arb mamlakatlari keskin qarshi chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing