G‘azo falastinliklarga tegishli – Niderlandiya

Olam

image

Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp AQSH Prezidenti Donald Tramp ilgari surgan taklifga munosabat bildirib, G‘azo sektorining AQSH nazoratiga o‘tishi Niderlandiya uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan g‘oya ekanini aytdi. Bu haqda u mahalliy “Telegraaf” gazetasi so‘roviga bergan javobida ma’lum qildi.

“Niderlandiya uchun G‘azo falastinliklarga tegishli ekani hech qanday shubhasiz haqiqatdir. Bizning pozitsiyamiz o‘zgarmaydi. Niderlandiya ikki davlat prinsipini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa xavfsiz Isroil davlati bilan yonma-yon yashaydigan mustaqil va hayotga layoqatli Falastin davlatini nazarda tutadi”, dedi vazir.

Bu qarash hukumat koalitsiyasiga kiruvchi “Ozodlik partiyasi” yetakchisi Gert Vildersning pozitsiyasiga zid. Unga ko‘ra, falastinliklar Iordaniyaga ko‘chib o‘tishi kerak va shunda G‘azo muammosi hal bo‘ladi. Hukumat koalitsiyasining boshqa yetakchilari esa hozircha Trampning tashabbusiga ochiq munosabat bildirmagan.

Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi? north_east

Trampning G‘azoni egallash g‘oyasini dunyo qanday qabul qildi?

Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida AQSH G‘azo sektorini uzoq muddatli boshqaruvga olish masalasini ko‘rib chiqayotganini e’lon qilgandi. Uning ta’kidlashicha, bu mintaqadagi tinchlik manfaatlari yo‘lida amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, u Falastin aholisi boshqa arab davlatlariga ko‘chirilishi mumkinligini va bu jarayonning moliyaviy ta’minoti mintaqa mamlakatlari tomonidan qoplanishini aytdi. Tramp zarurat tug‘ilganda AQSH o‘z qo‘shinlarini G‘azoga kiritishga tayyor ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Trampning bu taklifi arab davlatlari, Eron va bir qator g‘arb mamlakatlari tomonidan keskin rad etildi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ham Trampning rejasiga rozi emasligini e’lon qildi. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok esa falastinliklarni G‘azodan majburan chiqarib yuborish qabul qilib bo‘lmaydigan harakat ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo falastinliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing