YeI Eronga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
Olam
−
19 Oktabr 2022
3302Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi mojaro yuzasidan Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun Eronga qarshi sanksiyalarni 20-21 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI sammiti boshlanishidan oldin ma’qullaydi, unda 27 davlat rahbarlari ham bu masalani muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni Bryusselda jurnalistlarga YeIning yuqori martabali vakili ma’lum qildi.
“Biz sanksiyalarni joriy qilish jarayonidamiz va bu sammitga qadar yakunlanadi”, deydi u.
YeI vakili, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Tehronning Moskvaga uchuvchisiz uchish apparatlarini yetkazib berganiga oid yetarlicha dalillar to‘plaganini aytdi.
“Rahbarlar Eronga qisqacha to‘xtalib o‘tadi. Ham ichki repressiya, ham Eronning Rossiyani qo‘llab-quvvatlashi”, deydi u.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrelning matbuot kotibi Nabila Massrali Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevropa Ittifoqi bu faoliyat haqida yetarlicha dalillar to‘plaganini va tezkor javob tayyorlayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 oktyabr kuni Ukraina Oliy Radasi bayonot qabul qilib, hukumatni Eron bilan diplomatik munosabatlarni uzish va Tehron bilan imzolangan vizani liberallashtirish bo‘yicha kelishuvlarni bekor qilish uchun tartiblarni boshlashga chaqirdi.
Avgust oyida “The Washington Post” gazetasi Eron Rossiyaga o‘z dronlarini yetkazib berayotgani haqida maqola chop etgan edi. Keyinchalik shunga o‘xshash bayonotlar Amerika ma’muriyati vakillari tomonidan qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotni soxta deb atadi. Shuningdek, u Rossiyada mahalliy ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishini ta’kidladi. O‘z navbatida, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn sentyabr oxirida Tehron Ukrainadagi mojaroda qatnashayotgan tomonlardan hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini va Kiyevga ham, Moskvaga ham chet el qurollari yetkazib berilishiga qarshi ekanini aytdi.
LiveBarchasi