Yangi vazir Qashqadaryoda IIB mulozimlarini yoppasiga ishdan oldi
Jamiyat
−
24 mart
44145Qashqadaryo viloyatida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning buyrug‘i bilan tizimdagi qator mansabdor shaxslar, xususan, Ko‘kdala va Kitob tumanlari IIB boshliqlari ishdan olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari yuzasidan Ichki ishlar vaziri tomonidan Respublika ishchi guruhi, viloyat hamda tuman-shahar ichki ishlar organlarining mas’ul rahbarlari va shaxsiy tarkibi ishtirokida hisobot yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Majlisda ishchi guruhning viloyatdagi o‘rganish yakunlariga ko‘ra hududlardagi mavjud kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, aholiga xizmat ko‘rsatish, murojaatlar bilan ishlash, jamoat tartibi hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek xodimlarning ijro hamda xizmat intizomiga rioya etish masalalari tanqidiy muhokama qilingan.
Jarayonda xizmat faoliyatida yuqori natijadorlikka erishgan, namunali xizmat faoliyati uchun aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida e’tirof etilgan bir guruh xodimlar munosib taqdirlangan. Shu bilan birga, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sohaviy xizmatlar hamda hududiy IIB rahbarlari faoliyatiga huquqiy baho berilgan.
Jumladan, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan viloyat IIB ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi boshlig‘i, Ko‘kdala va Kitob tumanlari IIB boshliqlari, Koson va Kasbi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari, Muborak tumani va Qarshi shahri IIB jamoat xavfsizligi xizmati bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, viloyat IIB boshlig‘ining jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, Yo‘l harakati xavfsizligi qidiruv-surishtiruv bo‘linmasi boshlig‘i, Kasbi tumani IIB boshlig‘i va uning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Qarshi shahar, Koson va Muborak tumani IIB boshliqlariga keskin intizomiy jazolar qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni 2017 yildan beri Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelgan Po‘lat Bobojonov lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Uning o‘rniga Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Aziz Toshpo‘latov Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. Toshkent shahar IIBBga esa Xorazm viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev tayinlandi.
Ravshan Sultonxo‘jayevning o‘rniga esa Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan polkovnik Abdumajid Shermuhammedov Xorazm viloyati IIB boshlig‘i tayinlandi. Andijon viloyati IIB boshlig‘i lavozimini egallab kelgan polkovnik Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


