Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida nimalar o‘zgaryapti?
Jamiyat
−
05 dekabr 2019
5146Avvalroq, Oliy Majlich Qonunchilik palatasi deputatlari yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edik.
Ayni vaqtda Quyi palatasida bir qator qonun loyihalari birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi deputatlar, parlament quyi palatasidagi Davlat byudjeti boshqarmasi xodimlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda soliq va moliya sohasi mutaxassislari tomonidan takomiliga yetkazilmoqda.
Qayd etilishicha, loyihada asosiy o‘zgarishlardan biri soliq summalarini o‘z vaqtida qaytarilmaganligi yoki soliq summalari so‘zsiz tartibda asossiz undirilganligi bilan bog‘liq. Ortiqcha to‘langan soliq summalarini o‘z vaqtida qaytarilmagani yoki soliq summalari so‘zsiz tartibda asossiz undirilgani uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida byudjetdan soliq to‘lovchilarga foiz to‘lash yo‘li bilan soliq organlarining javobgarligini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tizimi tubdan o‘zgartirilmoqda. Batafsil kameral tekshiruv o‘tkazilganidan keyin QQS bo‘yicha “manfiy” qoldiq summasini qaytarish huquqi taqdim etiladi. Eng yirik soliq to‘lovchilar va bank kafolatini taqdim etgan shaxslar uchun uni soddalashtirilgan tartibda qaytarish huquqi beriladi. Ayni paytda faqat eksportyorlarga qaytarilib kelinayotgan edi.
Bundan tashqari, asosiy vositalar ob’ektlari, shu jumladan, ko‘chmas mulk ob’ektlari xarid qilinganda (barpo etilganda) QQS bir yo‘la hisobga olinishini nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi.
Hozirda hisobga olish teng ulushlarda ketma-ket keluvchi 12 oy davomida, ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha esa 36 oy davomida amalga oshiriladi.
Mazkur tartib joriy etilsa, korxonalarga davlat byudjetidan mablag‘lar qaytarib beriladi va bu xo‘jalik sub’ektlarining moliyaviy holatini yaxshilashga olib keladi. Misol: Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi qurilish korxonasi QQS bo‘yicha qariyb 25 mlrd. so‘mga manfiy hisobot topshirgan bo‘lsa-da, lekin ushbu korxonaga amaldagi Soliq kodeksida qaytarib berish imkoniyati mavjud emas edi. Kiritilayotgan o‘zgartish bilan ushbu summani mazkur korxonaning tovar aylanmasini ko‘paytirishga yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi.
LiveBarchasi