Soliqlarni bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etiladi
Jamiyat
−
03 dekabr 2019
6202Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida pulli yoki bepul asosda, kollegial organlar (Komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy etilmoqda. Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan ushbu kodeks loyihasi yuzasidan muhokamalar qizg‘in pallaga kirdi.
Parlament quyi palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Davlat byudjeti boshqarmasi oldiga Hukumat bilan birgalikda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, takliflar asosida, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida har taraflama muhokama qilib, maromiga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.
Mazkur topshiriq doirasida ishchi guruh tomonidan kodeks loyihasi har tomonlama o‘rganilishi natijasida amaldagi soliq kodeksida soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bo‘yicha vakolat faqatgina alohida Komissiyaga berilgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, soliqlarni to‘lashni kechiktirish huquqini olish uchun soliq to‘lovchilarga ovoragarchilik va noqulayliklar keltirib, ortiqcha qog‘ozbozlik talab qilar edi. Shu sababli, keyingi uch yil ichida soliqlarni kechiktirish huquqidan hech qaysi tadbirkorlik sub’ekti foydalanmagan.
Shunga ko‘ra, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida pulli yoki bepul asosda, kollegial organlar (Komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy etilmoqda.
Bunda, soliqlarni bir vaqtning o‘zida to‘lash natijasida iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) alomatlari yuzaga kelishi xavfi bo‘lgan, tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish va sotish mavsumiy bo‘lgan hollarda soliqlarni to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, qarzdorlik summasiga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida foiz hisoblangan holda taqdim etiladi.
Shahnoza To‘ramurotova