Soliqdan silliq chiqyotgan yirik “arzandalar”
Jamiyat
−
05 may 4359 6 daqiqa
O‘zbekiston soliq imtiyozlari o‘lkasi desak, albatta yaqindagina bu mavzuda rosa shovqin ko‘targan “artist”larning, yana ham ba’zi kichik biznes va chakana savdo egalarining balki peshonalari tirishar. Sababi ular arzimagan (har holda, hozir o‘qiydigan summalaringiz oldida bular aniq arzimagan) to‘lanmay qolgan soliqlari uchun ba’zan yaxshigina jarimalar to‘layotgan bir vaqtda, hukumat katta “arzanda” tashkilotlarni davomiy siylab kelmoqda. Masalan, 2025 yilda “Uzbekistan GTL” MCHJ tashkiloti 2,8 trln so‘m, UzAirways 2,4 trln so‘m, “O‘zbekneftgaz” esa 1,7 trln so‘mlik soliq imtiyozlariga loyiq ko‘rilgan. Bojxona imtiyozlaridan foydalanishda esa “Enter Engineering”ning birgina loyihasi 1,1 trln so‘mlik imtiyoz olgan bo‘lsa, energetikaning yana bir vakili “Uzgastrade” AJ 2,1 trln so‘m imtiyoziga ega bo‘lgan. Gapning kattasini aytganda, 2025 yilda umumiy soliq imtiyozlarining jami summasi 178,1 trln so‘m bo‘lgan.
Yaqindagina korxonalarning 2025 yil yakuni bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish holatiga oid ma’lumotlarning ochiq e’lon qilinishini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tahlil qilingan edi. Ushbu tahlilda yuqoridagi nomlar va sonlarni ko‘rish mumkin. Agar, bu fiskal tahlillarning o‘zi yana ozgina tahlil qilinsa, barchasi yanada ravshan bo‘ladi.
.jpg)
Ushbu tahlil va undagi ko‘zga har safar “issiq” ko‘rinyotgan tashkilotlar 2025 yilda O‘zbekistondagi imtiyozlar tizimi naqadar kengayganini ko‘rsatib turibdi. Iqtisodiy nuqtai nazardan qarasak, davlat tomonidan berilgan jami 178,1 trillion so‘mlik yordamning katta qismi aynan soliqlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, korxonalar ixtiyorida qoldirilgan 119 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari byudjetga tushishi kerak bo‘lgan mablag‘larning salmoqli qismidir. Bojxona imtiyozlari esa 59,1 trillion so‘mni tashkil etib, asosan chetdan olib kelinadigan texnologik uskunalar va xomashyolarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Bu raqamlar shuni anglatadiki, hozirgi vaqtda mamlakat iqtisodiyotini yurgizib turgan yirik kompaniyalar va davlat loyihalari soliq yukidan sezilarli darajada ozod etilgan. Bunday katta hajmdagi imtiyozlar bir tomondan ishlab chiqarishni rag‘batlantirsa, ikkinchi tomondan davlat byudjetining daromad qismiga katta ta’sir o‘tkazadi. So‘nggi vaqtlardagi imtiyozlar holatini va dinamikasini kengroq tushunish uchun, 2023 yildagi umumiy raqamlar va 2025 yildagi statistikalarni taqqoslagan holda ko‘zdan kechirish mumkin.
Soliq va bojxona imtiyozlarining umumiy dinamikasi
O‘zbekiston iqtisodiyotida tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan jami imtiyozlar hajmi 2023 yildan 2025 yilga qadar sezilarli o‘sish trayektoriyasini namoyon etgan. 2023 yil yakunlari bo‘yicha jami imtiyozlar miqdori 127,1 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilgi hisobotda bu ko‘rsatkich 178,1 trln so‘mga yetganini ko‘rish mumkin. Ikki yil ichida jami imtiyozlar miqdori qariyb 51 trln so‘mga yoki 40 foizga oshgan. Bu o‘sishning asosiy drayveri soliq imtiyozlari bo‘lib, ular 69,7 trln so‘mdan 119 trln so‘mga ko‘tarilgan. Bojxona imtiyozlari esa nisbatan barqarorlik saqlab, 57,4 trln so‘mdan 59,1 trln so‘mga o‘zgargan.
.jpg)
.jpg)
Soliq imtiyozida tarkibiy o‘zgarishlar
Yil yakuni bo‘yicha 143205 ta sub’ekt tomonidan soliq imtiyozlaridan foydalanilgan bo‘lib, imtiyoz summasi 119 trln so‘mni tashkil etgan. Soliq imtiyozlaridan foydalanuvchilar ro‘yxatida yetakchilar almashinuvi kuzatilgan. Masalan, 2023 yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 8,3 trln so‘m imtiyoz bilan ro‘yxat boshida turgan bo‘lsa, 2025 yilgi ochiq ma’lumotlarda ushbu korxona va OKMK jadvaldan joy olmagan. Natijada, 2025 yilda “Uzbekistan GTL” MCHJ 2,8 trln so‘m bilan birinchi o‘ringa chiqqan. Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ (2,4 trln so‘m) va “O‘zbekneftgaz” AJ (1,7 trln so‘m) ham yaxshigina imtiyozga ega bo‘lganlardan. Yangi tendensiya sifatida, 2025 yilda xususiy sektor vakillari – “Luxury Diamond” (811,8 mlrd so‘m) va “Solutions Lab” (650,8 mlrd so‘m) kabi sub’ektlarning yuqori o‘ntalikka kirganini qayd etish mumkin. Jadvalda NKMK hamda OKMK, tijorat banklari va sug‘urta tashkilotlar kiritilmagan.
Bojxona imtiyozlari va tashqi iqtisodiy faoliyat
Bojxona imtiyozlaridan esa 15346 ta tashkilot foydalangan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 59,1 trln so‘mni tashkil qilgan. Infografika va rasmiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, imtiyozlarning katta qismi hamon yirik davlat korxonalari va hukumat darajasidagi loyihalarni amalga oshiruvchi pudratchilar ixtiyorida qolmoqda. Masalan, xorijiy kompaniyalarning doimiy muassasalari orasida “Enter Engineering Pte. Ltd.” mutlaq yetakchilikni saqlab qolgan. Agentlikning 2025 yilgi hisobotlariga ko‘ra, kompaniyaning turli loyihalari (masalan, Qorao‘zak TES, Boysun GPZ, Samarqandkimyo) bir necha trillion so‘mlik bojxona imtiyozlarini qo‘lga kiritgan. Xususan, uning faqatgina bitta loyihasi – Qorao‘zak TES bo‘yicha imtiyoz summasi 1,1 trln so‘mga yetgan, bu 2023 yildagi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqoridir. Shu bilan birga, bojxona preferensiyalari tarkibida “Uzgastrade” kabi energiya resurslari ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarning ulushi ortgan. Bu esa iqtisodiyotda energiya xavfsizligi va yirik infratuzilmaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetining potensial daromadlaridan voz kechish evaziga imkoniyat yaratilayotganidan dalolat beradi. Bojxona imtiyozlari kesimida 2023 yilda logistika va ishlab chiqarish ustunlik qilgan bo‘lsa (masalan, “Uzbekistan Airways”), 2025 yilga kelib asosiy urg‘u energiya resurslari va yirik qurilish loyihalariga ko‘chgan. “Uzgastrade” AJ 2,1 trln so‘m bilan bojxona imtiyozlari bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, “RWS Optimum” (1,4 trln so‘m) va “First Fruits” (955,1 mlrd so‘m) kabi korxonalarning paydo bo‘lishi import tarkibidagi o‘zgarishlardan dalolat beradi.
Soliq tushumlari qanday?
Soliq va bojxona imtiyozlarining qo‘llanilish dinamikasi oxirgi yillarda keskin o‘sish sur’atlarini namoyish etayotgan bir paytda, yirik davlat monopollari tomonidan byudjetga to‘lanyotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq tushumlarida sezilarli qisqarish kuzatilgan. Masalan, mamlakatning eng yirik korxonalaridan biri bo‘lgan “UzAuto Motors” AJning soliq tushumlari 2025 yil yakunlariga ko‘ra 1 355,8 milliard so‘mga qisqarib, 2 013 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan to‘langan soliqlar miqdori o‘tgan yildagi 4 190,6 milliard so‘mdan 3 808,2 milliard so‘mgacha, ya’ni 382,4 milliard so‘mga kamaygan. Shu bilan birga, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari hamda “UzGasTrade” kabi yirik tizimlar bo‘yicha soliq tushumlariga doir ma’lumotlarning ochiqlanmay qolgani iqtisodiy tahlillarning shaffofligi borasida savollarni yuzaga keltiradi. Umumiy manzara shuni ko‘rsatadiki, strategik tarmoqlarga berilayotgan trillionlab so‘mlik imtiyozlar fonida yirik soliq to‘lovchilarning byudjet oldidagi majburiyatlari hajmi pasayish trendiga kirgan.
Qiyosiy xulosa
Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, davlat tomonidan taqdim etilayotgan fiskal yordam ko‘lami kengayishda davom etmoqda. Soliq imtiyozlarining deyarli ikki barobarga o‘sishi iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga berilayotgan preferensiyalar ko‘payganini anglatadi. Tahlilda individual imtiyozlar berilgan yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslar ochiqlanmagan. Bojxona imtiyozlari bo‘yicha esa yirik davlat strategik korxonalari va hukumat loyihalari doirasidagi pudratchilar (xususan, energetika va gaz sektori) asosiy benefitsiar bo‘lib qolmoqda. Imtiyozlar miqdorining 178 trln so‘mdan oshishi byudjet daromadlarini shakllantirishda ushbu summaning muqobil manbalar orqali qoplanishi zaruriyatini yuzaga keltirishi mumkin.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi