Yangi koronavirus yana bir qit’aga kirib bordi
Olam
−
25 yanvar 2020
11178Avstraliyada 2019-nCoV koronavirusi bilan kasallangan ilk bemor ro‘yxatga olindi. Bemor mamlakatning Viktoriya shtatida aniqlangan. Bu haqda ABC teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bemor Xitoy fuqarosi. U yaqinda Uxanda bo‘lib, Avstraliyaga kelgan. U barqaror holatda Melburnda shifoxonaga yotqizilgan.
Yangi Janubiy Uels shtati Sog‘liq saqlash vazirligi besh kishi ushbu virus bilan kasallangan bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha tekshirilayotganini ma’lum qildi. Ammo hozircha ularda virus aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabrida Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Uxan shahrida paydo bo‘lgan virus bugungacha Janubiy Koreya, Yaponiya, Tailand, Singapur, AQSH, Vetnamda aniqlandi. Xitoyda virus bilan kasallanganlar 1287 nafarga, halok bo‘lganlar 41 nafarga yetdi.
Xitoy virus bilan kasallanganlar uchun alohida shifoxona qurishga kirishdi. Xitoyning Xubey viloyatidagi qator shaharlar virus sabab yopib qo‘yildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi virusning mamlakatga kirib kelmasligi uchun ko‘rilayotgan choralarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazdi.
LiveBarchasi