O‘zbekistonlik talaba Xitoydagi vaziyat haqida gapirib berdi
Jamiyat
−
25 yanvar 2020
23708Xitoyning Uxan shahridagi universitetlaridan birida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba Abdurahim Elboboyev shahardagi vaziyat haqida gapirib berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdurahim Uxanda ikki yildan buyon tahsil olmoqda. Ayni paytda 11 million aholi yashaydigan shahar yopib qo‘yilgan.
“Shahar vahima ichida. Biroq barcha bir-biriga yordam bermoqda, hech narsadan qo‘rqishmayapti”, degan u “Sputnik” muxbiriga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, o‘zi tahsil olayotgan institutda hozir qishgi ta’til, o‘qishlar qachon boshlanishi esa noma’lum.
“Shaharda 31 yanvarga qadar karantin e’lon qilindi. Ko‘chaga hech kim chiqmayapti. Nari borsa, uylari yaqinidagi do‘konga borib kelishyapti. Oziq-ovqat narxi sezilarli ravishda, taxminan ikki baravar oshdi”, deydi Abdurahim Elboboyev.
Talabaning ta’kidlashicha, yangi virus tarqalishiga qaramay, u Xitoyda o‘qishini davom ettiraveradi.
“Ota-onam men haqimda xavotirda. Uyga qaytishimni va vaziyat barqarorlashini kutishimni istashyapti. Men fevral oyida O‘zbekistonga borishni niyat qilganman, ammo semestr boshlanishi bilan yana Xitoyga uchib ketaman”, deb qo‘shimcha qilgan u.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus qurbonlari soni Xitoy bo‘ylab umumiy hisobda 41 nafarga yetdi. 25 yanvar holatiga ko‘ra, Xitoyning 29 ta provinsiyasida ushbu virusdan 1287 ta kasallanish qayd etilgan, 237 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi