O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi fuqarolarini himoya qilish uchun nimalar qilmoqda?
Jamiyat
−
03 Oktabr
5760So‘nggi paytlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashmoqda. Eronning Isroilga raketa hujumidan so‘ng javob zarbasi yo‘llanishi va buning ortidan vaziyat yanada chigallashishi xavfi ortib bormoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda. Bu haqda TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.
“O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ushbu mamlakatdagi vatandoshlarimiz bilan aloqani mustahkamlab, kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda”, deydi u.
Bildirilishicha, elchixona veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar tarqatilmoqda. Xususan, raketa hujumlari paytida bomba boshpanalariga berkinish, rasmiy axborotlarga rioya qilish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston elchixonasining aloqa ma’lumotlarini doimo olib yurish zarurligi bo‘yicha tegishli ma’lumotlar berib borilmoqda.
“Yordam yoki maslahatga muhtoj fuqarolar diplomatik missiyaga 24/7 tartibida ijtimoiy tarmoqlar va telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda”, deydi Burhonov.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 oktyabr kuni kechqurun Eron Isroilga raketalar bilan zarba bergandi. Isroil armiyasi radiosi Erondan Isroilga 200 ga yaqin raketa uchirilganini aytdi. Keyinroq Isroil harbiylari aniq ovoz chiqarib, aholi o‘z boshpanalarini erkin tark etishlarini bildirdi. Isroil Eronga “og‘riqli javob” berishga va’da berdi. Isroil nashrlari armiya bugun, 2 oktyabr kuni tunda butun Yaqin Sharq bo‘ylab kuchli zarba berishi kutilayotganini yozdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Flynas” va “Qeshm Air” aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va Eron ustidagi havo hududining bir qismi yopilishi munosabati bilan O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shuningdek, Qozog‘iston aviakompaniyalariga ham Eron havo hududi orqali parvoz qilmaslik tavsiya qilindi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” ham kecha, 2 oktyabr kunidan boshlab Yaqin Sharqdagi notinch vaziyat sabab xavfsizlikni ta’minlash maqsadida parvozlarni Iroq va Eron havo hududlarini aylanib o‘tgan holda amalga oshirmoqda.
LiveBarchasi