Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish istiqbollari barbod bo‘lish arafasida – Xitoy
Olam
−
31 Oktabr 2023 8195 2 daqiqa
Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish istiqbollari barbod bo‘lish arafasida. Bu haqda Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Szyun G‘azo sektorida Isroil harbiylarining quruqlikdagi operatsiyalar ko‘lamini kengaytirishi munosabati bilan chaqirilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Biz hayot va mamot yoqasida turgan G‘azo xalqiga chuqur hamdardmiz. Shuningdek, biz Yaqin Sharqda barbod bo‘lish arafasida turgan tinchlik jarayoni istiqbolidan xavotirdamiz”, degan Xitoy vakili.
U har ikki tomonni zudlik bilan barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishga, gumanitar sulh o‘rnatishga va vaziyat yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qilishga chaqirgan.
“Xitoy, shuningdek, ushbu mojaroda ta’sirga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha tomonlarni o‘z manfaatlarini, shuningdek, geosiyosiy mulohazalarni chetga surib, urushni to‘xtatish va tinchlikni tiklash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqiradi”, degan Chjan Szyun.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Xitoy BMT Xavfsizlik kengashida Yaqin Sharq bo‘yicha Rossiya tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani qabul qilinishi uchun ovoz bergandi. Biroq hujjat yetarlicha ovoz olmagach, qabul qilinmadi. 18 oktyabr kuni Braziliyaning bu boradagi rezolyutsiyasi uchun ham Xitoy ovoz berdi, biroq Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan AQSH unga veto qo‘ydi. 25 oktyabr kuni esa AQSH BMT Xavfsizlik kengashida Yaqin Sharq bo‘yicha o‘z rezolyutsiyasini taqdim etdi, biroq bu safar Xitoy va Rossiya unga veto qo‘ydi. 28 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi bir guruh arab davlatlari tomonidan tayyorlangan Falastin-Isroil mojarosi hududida zudlik bilan sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bosh Assambleyada Xitoy mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi uchun ovoz berdi. AQSH bunga qarshi chiqqan bo‘lishiga qaramay, ovozlar sonidagi ustunlik sabab hujjat qabul qilindi.
Live
Barchasi