Vengriyaga turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi
Olam
−
21 avgust 2023
3961Budapesht va Ashxobod Vengriyaga turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha siyosiy kelishuv imzoladi. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi.
“Turkmaniston tomonidan Vengriyaning turkman gazini Yevropaga potensial yetkazib berish yo‘nalishlaridan biri va tranzit mamlakatlardan biriga aylanishi uchun siyosiy irodasi va siyosiy niyati aniq. Siyosiy kelishuv tuzildi, endi navbat kompaniyalarga tijoriy muzokaralarni davom ettirishga yetdi”, deydi Siyyarto.
Kecha, 20 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Budapeshtda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashgandi.
Vengriyaning MTI agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatlar nafaqat energetika, balki sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, suv xo‘jaligi, shuningdek, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokara o‘tkazgan.
Berdimuhamedov kecha Vengriya poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida faxriy mehmonlar qatorida bo‘ldi. Ushbu chempionatni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham kuzatib, bir necha davlat rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoyga yirik hajmdagi gaz yetkazib beruvchi Turkmaniston Rossiyani Turkmaniston-Xitoy gaz quvuriga ulashni rejalashtirmayotgani haqida xabar bergandik.
Shuningdek, Turkmaniston Yevropa Ittifoqiga turkman gazini yetkazib berish rejalashtirilgan Transkaspiy gaz quvuri loyihasi bo‘yicha yevropalik sheriklar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirgandi.
LiveBarchasi