Vengriya parlamenti Bosh vazirni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi
Olam
−
17:28 955 2 daqiqa
Vengriya parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan prokuraturaning Bosh vazir Peter Madyardan daxlsizlik huquqini olib tashlash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirdi. Qaror uchun 139 nafar deputat ovoz berdi, qarshilar va betaraflar bo‘lmadi. Bu haqda spiker Agnesh Forstxoffer navbatdan tashqari majlisda ma’lum qildi.
“Telex” xabariga ko‘ra, tashabbusni hukmron “Tisa” partiyasi va ultrakonservativ “Bizning vatanimiz” partiyasi qo‘llab-quvvatlagan. Muxolifatdagi “Fides” va xristian-demokratlar fraksiyalari norozilik belgisi sifatida majlisga bormagan. Yig‘ilishda ularning ikki deputatidan ham daxlsizlikni olib tashlash masalasi ko‘rib chiqilgan.
Madyarning o‘zi tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, daxlsizlikni olib tashlashni so‘ragan. Tergov talqiniga ko‘ra, 2024 yilning iyun oyida u tungi klubda o‘zini tasvirga olayotgan shaxsning telefonini tortib olgan va qurilmani Dunayga uloqtirgan. Bosh vazir buni provokatsiya deb atamoqda.
Prokuratura bu harakatlarni Vengriya Jinoyat kodeksining 370-moddasi bo‘yicha o‘g‘irlik sifatida malakalamoqda. Smartfonning qiymati 275 yevroga baholanmoqda. Peter Madyarga jarima, jamoat ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid solmoqda. “Fides” partiyasida u telefon o‘g‘irligi uchun sudlangan birinchi Bosh vazir bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peter Madyar Solnok shahridagi mitingda nutq so‘zlayotgan vaqtida tomoshabinlar orasidan sahnaga tuxum otilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi