O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuziladi

Jamiyat

−

image

Bugun, 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Suhbat avvalida davlat rahbari Serdar Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 35 yilligi hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi samarali raisligi bilan tabriklagan.

O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etilgan. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

O‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda Kooperatsiya dasturini qabul qilish va uni ikki mamlakat hududlari darajasida ham amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.

Uchrashuv yakunida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Mazkur hujjat siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing