Vengriya XJS talabini bajarmaydi. Putinga Budapesht eshiklari ochiladi

Olam

image

Vengriya Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Budapeshtga AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv uchun tashrifi vaqtida Xalqaro jinoiy sud (XJS) chiqargan hibsga olish orderi bo‘yicha talablarni bajarmaydi va Putin hibsga olinmaydi. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto TASS nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz Vladimir Putinni bu yerda qabul qilamiz va u muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazib, so‘ngra uyiga qaytishiga sharoit yaratamiz”, degan Siyyarto. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya hukumati AQSH va Rossiya Prezidentlari muzokaralarni xavfsiz va tinch muhitda o‘tkazishi uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlaydi.

Siyyarto, shuningdek, Budapeshtda o‘tadigan sammit bo‘yicha Vengriya ittifoqchi davlatlar bilan maslahatlashishni rejalashtirmasligi, bu masalada hech kimdan ruxsat so‘ramasligini ta’kidlagan. 

“Biz hech kim bilan maslahatlashishga majbur emasmiz. Vengriya – suveren davlat”, deya o‘z mamlakatining pozitsiyasini ko‘rsatib bergan Siyyarto. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp 16 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti bilan Vengriyada uchrashuv rejalashtirilayotganini e’lon qilgan edi.

Ma’lumki, Vengriya 1999 yilda Rim statutini imzolagan va 2001 yilda ratifikatsiya qilgan. Aynan shu hujjat asosida Xalqaro jinoiy sud faoliyat yuritadi. Biroq, 2023 yildayoq Vengriya hukumati Putinning tashrifi bo‘lsa ham, uni qo‘lga olmaymiz, degan bayonot bergan edi.

2025 yilda Budapesht hukumati XJS tomonidan hibsga olish orderi chiqarilgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni ham mamlakatga taklif qilgan. Shu voqea fonida Vengriya Xalqaro jinoiy suddan chiqish jarayonini boshlab yuborgan. Ammo 2025 yil oktyabr holatiga ko‘ra, bu jarayon hali to‘liq yakunlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga borgandi. Ammo Imomali Rahmon hukumati Putinni hibsga olmadi. Yevropa Ittifoqi Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud talablarini bajarmaganlikda aybladi. Sababi Tojikiston 2002 yildan beri Xalqaro jinoiy sud a’zosi sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vengriya Budapesht XJS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing