YeI Putin hibsga olinmagani uchun Tojikistonni tanqid qildi
Olam
−
10 Oktabr 2025 9644 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud (XJS) talablarini bajarmaganlikda aybladi. Bu haqda Yevropa tashqi aloqalar xizmati bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotda aytilishicha, Tojikiston Xalqaro jinoiy sudning Rim statutiga a’zo davlat sifatida o‘z majburiyatlarini bajarmagan, chunki u Putinni hibsga olish bo‘yicha orderni ijro etmagan va sammitda uni tantana bilan kutib olgan.
YeI, shuningdek, xalqaro huquq asosida barcha jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish sa’y-harakatlariga qat’iy qo‘llab-quvvatlovini bildirgan.
“Yevropa Ittifoqi Xalqaro jinoiy sud prokurori tomonidan Ukrainada olib borilayotgan tergovni qo‘llab-quvvatlaydi va barcha davlatlarni hamkorlikka chaqiradi. Biz XJS mustaqilligini, shuningdek, Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralaridagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qilamiz”, deyiladi ushbu bayonotda.
Ma’lumki, Tojikiston 2002 yildan beri Xalqaro jinoiy sud a’zosi sanaladi. Hozirda Putin mamlakatda Rossiya–Markaziy Osiyo sammiti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Shunday qilib, Tojikiston Putinni hibsga olish orderini bajarishdan bosh tortgan XJSga a’zo ikkinchi davlat bo‘ldi. 2024 yilda shunga o‘xshash holat Mongoliyada sodir bo‘lgan edi, u yerda Putinni tantanali tarzda kutib olishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Braziliyada o‘tgan BRICS sammitida qatnashmagandi. Braziliya ham Rim statutiga imzo chekkan davlat hisoblanadi.
Live
Barchasi