Vazirlik o‘qituvchilarning maktab “remont”iga chiqarilganiga munosabat bildirdi (video)
Jamiyat
−
03 avgust 27457 2 daqiqa
Avvalroq, Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 42-sonli maktabda o‘qituvchilar maktabning ta’mirlash ishlarini o‘zlari olib borayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu holatga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, ayni vaqtda mazkur holat qat’iy nazoratga olingan hamda atroflicha o‘rganib chiqilmoqda. O‘qituvchilarning “remont” qilishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlanadi.
Videoda ishlayotgan pedagoglarning barchasi ayol kishi ekanini ko‘rish mumkin. Ular orasida ingliz tili, rus tili, matematika o‘qituvchilari, deyarli barcha muallimalar bor ekani aytilgan. Ularning ba’zilari devor va shiftni suvayotgan bo‘lsa, yana boshqa biri stol va stullarni tashiyapti. Qiziqarlisi shundaki, ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ustozlarning ayrimlari hatto mehnat ta’tilida bo‘lsa ham maktabda – ta’mirlash jarayonlarida.
Maktab xodimlarining ushbu ishga o‘zlari rozi bo‘lgan holda kirishgani yoki majburan jalb qilingani noma’lum. Lekin videoda “remont” ishlarida qatnashgan o‘qituvchilarga ko‘proq dars soati berilishi aytilgan.
Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr