B+ va undan yuqori sertifikat olgan o‘qituvchilarga ustama beriladi

Jamiyat

image

Sertifikat olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining maoshiga har oy 15 foiz ustama qo‘shiladi. Buning uchun ular B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining kecha, 29 iyuldagi 411-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi va tegishli mutaxassislikka ega bo‘lgan, B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustama to‘lab boriladi.

Xususan, sertifikat amal qiladigan muddat davomida o‘qituvchilarning lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida ustama beriladi. Yangi tartibga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi malaka imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha vakolatli organ sifatida Bilim va malakalarni baholash agentligi belgilanadi. Malaka imtihonida qatnashish uchun talabgorlardan ariza topshirilgan sanadagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Imtihon natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida baholanadi. Unga ko‘ra, 70 balldan yuqori natija ko‘rsatgan talabgorga A+, 65–69,9 ball olganlarga A, 60–64,9 ball olganlarga B+ darajali sertifikat beriladi. Shuningdek, 55–59,9 ball to‘plaganlarga B, 50–54,9 ball olganlarga C+, 46–49,9 ball olganlarga esa C darajali sertifikat topshiriladi. Talabgorlarning boshlang‘ich sinf fanlari bo‘yicha bilim darajasi, o‘qitish metodikasi hamda pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi.

Sertifikat olish istagidagi o‘qituvchilar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ariza topshirib, ro‘yxatdan o‘tadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga QR-kodli sertifikatning elektron shakli bir ish kuni ichida yuboriladi. Shuningdek, natijalardan norozi bo‘lgan talabgorlar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun ichida apellyatsiya berish huquqiga ega.

Qayd etilishicha, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab huquqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash va ushbu yo‘nalishda milliy sertifikat berish tizimi ham joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda talab etiladigan til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish tartibi belgilanayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing