SAT sertifikatini olib berish uchun “bunker” tashkil qilgan talabalar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi xususiy maktab binosida SAT sertifikatini olib beruvchi “bunker” tashkil qilgan talabalar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda foydalaniladigan matematika va ingliz tili bo‘yicha xalqaro SAT sertifikatini noqonuniy tarzda olib berish bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Guruh a’zolarining aksariyati Yevropadagi nufuzli universitetning Toshkent shahridagi filiali talabalari, 1 nafari esa Osiyoning yetakchi davlatlaridan biridagi oliy ta’lim muassasasining poytaxtimizdagi filiali talabasi hisoblanadi. Ular Yangihayot tumanidagi xususiy maktab binosida “bunker” tashkil qilgan.

IT sohasiga ixtisoslashgan MCHJ mutaxassisi yashirin tarzda tizimga kirib, test savollarini ishlash imkoniyatini yaratgan. Talabalar esa masofadan turib, talabgorlar o‘rniga savollarni yechish bilan shug‘ullangan.

Shuningdek, guruh a’zolaridan biri xalqaro SAT sertifikatini olmoqchi bo‘lgan 5 nafar fuqaroning har biridan 1,5 ming AQSH dollaridan talab qilib, hatto ulardan birining pul mablag‘ini kripto-hamyon orqali olishga ulgurgan. Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nufuzli oliy ta’lim muassasasining uchinchi bosqichida o‘qib kelgan, internet narko-do‘konda “kladmen” sifatida ishlagan talaba qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing