Putin uchun Uralda “Qiyomat kuni bunkeri” qurildi
Olam
−
10:58 2137 3 daqiqa
Sverdlovsk viloyatining shimolida “Grot” (1335-sonli ob’ekt) shartli nomi ostida maxfiy ob’ekt barpo etildi. U aloqa uchun zarur bo‘lgan muayyan chastotadagi radioto‘lqinlarni o‘tkazuvchi tog‘ jinslaridan iborat Kosvinskiy Kamen tog‘i ichida yashirilgan. Bu haqda ushbu ulkan bunkerni qurish va jihozlashga oid hujjatlarni, shuningdek, ochiq manbalardagi ma’lumotlar va ob’ektga aloqador shaxslarning xabarlarini o‘rgangan “Dose” markazi, “Danwatch” va “The Sunday Times” tadqiqotchilari xabar berdi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Grot” – G‘arbda “Dead Hand” (“O‘lik qo‘l”) sifatida tanilgan, hokimiyat tomonidan modernizatsiya qilingan “Perimetr” strategik yadro kuchlarini zaxiradan boshqarish tizimining asosiy tugunidir.
1970 yillarda “Perimetr”ni ishlab chiqishda ishtirok etgan, 2005–2010 yillarda esa uni modernizatsiya qilishga rahbarlik qilgan iste’fodagi general-mayor Viktor Xalinning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Vladimir Putin 2005 yilning may oyida tizimning yangi boshqaruv bo‘g‘inini qurish to‘g‘risidagi maxfiy farmonni imzolagan. 2010 yilga kelib yangi tizim sinovdan o‘tkazilgan va “Grot”ga yuborilgan. 2020 yilga kelib tog‘ yaqinida harbiy shaharcha qad rostlagan. Mamlakat rahbariyati yo‘q qilingan taqdirda avtomatik rejimda qasos yadro zarbasini yo‘llashi kerak bo‘lgan strategik ob’ektning o‘zi tog‘ ichida joylashgan bo‘lib, u yerosti xonalari va tonnellar, radiomarkazlar, aloqa va hayotni ta’minlash tizimlari, shuningdek, strategik yadro kuchlarini boshqarish apparaturasini o‘z ichiga oladi.
Xalinning tushuntirishicha, Rossiya rahbariyati 1335-ob’ekt tufayli “qasosni ham avtomatlashtirilgan, ham avtomatik rejimda”, ya’ni yakuniy qarorni qabul qilishda inson ishtirokisiz amalga oshirish vositasiga ega bo‘lgan. Taqqoslash uchun: Sovet “Perimetr”ida so‘nggi “tugmani bosish” mashina emas, balki navbatchi ofitserlar chekiga tushar edi. O‘rganilgan hujjatlardan ko‘rinishicha, tizimning to‘liq avtomatik rejimda ishlaganiga oid dalillar mavjud emas.
Stenford universiteti professori, amerikalik yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha mutaxassis Jeffri Lyuisning hisoblashicha, Kreml “Grot”ni “barqarorlashtiruvchi element” – Rossiya rahbarlariga “ko‘proq ishonch va vaqt” beradigan vosita deb biladi.
“Ular buni qandaydir karikaturaviy yovuz bo‘lganliklari uchun qilishayotgani yo‘q. Ular qalban o‘zlarini beqaror his qilganliklari uchun shunday yo‘l tutishmoqda. AQSH Putinga nisbatan Eron yetakchisi bilan qilgan ishini takrorlashi mumkinligidan xavotirdalar”, deydi u.
Davlat xaridlarining o‘rganilgan hujjatlariga ko‘ra, qurilishi 1982 yilda boshlangan ob’ekt uchun 22 ming tonna po‘lat va 56 ming tonna sement yetkazib berilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu materiallar miqdoridan Moskva metrosining yondosh tonnellari bilan birgalikdagi ikkita yirik zamonaviy bekatini qurishga yetadigan darajada beton ishlab chiqarish mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sochida Vladimir Putinning buzib tashlangan “Bocharov ruchey” qarorgohi o‘rnida yangi kompleks qurilishi yakunlanayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi