Ta’limdan boshqa hammasi: o‘qituvchilar qachon dars o‘tadi?
Tahlil
−
29 yanvar
25426“Bir ko‘rmoqqa jon bermoq”. Toshkent hokimi shaharliklarni, Qarshidagi maktab direktori esa o‘quvchilarini “chiroyli kiyintirmoqchi”. Tez-tez muhokama qilinadigan yagona forma masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Bugun bir-biriga o‘xshamagan tuzilmalarning bir-biriga o‘xshash pozitsiyalari haqida gaplashamiz. Sinf rahbarlariga “viji-viji” gap qilmasdan jaket uchun ota-onalardan pul yig‘ish buyrug‘ini berayotgan maktab direktori videosini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Unda Qarshi shahridagi 23-maktab direktori F.Sh. ning o‘quv yilining o‘rtasida forma uchun pul yig‘imi tashkil etayotgani ko‘ringan. “Oldin o‘quvchilarni bir ramkaga olay” deya gap boshlagan direktor sinf rahbarlariga ota-onalardan 70 ming so‘mdan pul yig‘ishni buyurgan.
“Agar “viji-viji” gap chiqsa, mendan xafa bo‘lmang. Shuning uchun hammangiz topshiriq bering. Tikuvchining “nomeri”ni “zamdirektor” Shahnoza ustozga berdim. Ertaga keladi. Men tanlagan emblemani guruhga yuboraman. Birortasi qolib ketmasligi kerak. Agar o‘sha kiyimi bo‘lmasa, darvozadan chiqarib yuboraman. Menga formasiz o‘quvchi kerak emas”, degan u video davomida.
Ko‘p o‘tmay viloyat MMTB maktab direktoriga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining 25 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanganini e’lon qildi. Ma’lumot uchun, hozirda o‘rtacha oylik ish haqi 5 million 357 ming so‘mni tashkil etadi. E’tibor berish kerak bo‘lgan yana bir jihat shuki, ushbu maktab direktorining o‘qituvchilarga murojaat qilish uslubi, gapirish ohangi, ishlatayotgan so‘zlari rahbarga xos namunaviylikni qo‘ya turing, normal muomala madaniyatidan ham ancha uzoqligi ko‘rinib turibdi. Buni eng kam maosh oladigan, jamiyatda hurmati pasayib borayotgani aytiladigan o‘qituvchilarni, eng avvalo, o‘zlarining pedagog rahbarlari tomonidan qadrsizlantirayotganiga yaqqol bir misol desa bo‘ladi.
O‘qituvchi bo‘lish osonmi?
Umuman olganda, yagona forma masalasi, ortiqcha yig‘imlar, noqonuniy buyruqlar va rahbarning qo‘pol munosabati hech kim uchun yangilik emas. Ko‘pchilik xodimlar “Open budget” uchun ovoz yig‘ish, ko‘cha supurish, tadbirlarda majburiy ishtirok etish kabi noqonuniy holatlarni ham o‘z vazifalaridek qabul qiladi. Maktabda dars berayotgan, sinf rahbarlik qilayotgan pedagoglarning shundoq ham qiladigan ishlari ko‘p: o‘quvchilarning formasi, davomati va tartibi bilan shug‘ullanish, ham elektron, ham byurokratik ishlarni yuritish, ota-onalar bilan suhbatlar tashkil etish va o‘z ustida ishlash. O‘qituvchining eng asosiy vazifasi bo‘lgan bilim berish esa yozilgan va yozilmagan vazifalarning eng so‘nggi qatoriga tushib qolmoqda. Oqibatda sinfga charchagan va asabiy o‘qituvchi kirib keladi. Ochig‘ini aytganda, hozirgi Z va Alfa avlod bilan til topishish ham oson emas. Biz bilan suhbatlashgan maktab o‘qituvchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ulardan birinchi navbatda so‘raladigan narsa - forma, davomat va tartib!
“Hozircha maktabimiz rahbariyatidan shikoyatim yo‘q, hammasi joyida. Lekin, o‘quvchilarning bilim olishga qiziqishi yo‘q, ayniqsa, yuqori sinfdagilar tezroq maktabni tugatsam, chetga ketib bo‘lsa ham pul topsam deydi. Hammasining qo‘lida telefon. Deyarli barcha qarorlar o‘quvchilar manfaatida chiqariladi. O‘qituvchi o‘quvchiga dakki ham bera olmaydi, sinfni tartibga chaqirish juda qiyin bo‘lyapti. Mendan so‘rashsa, bilimsiz o‘quvchilarni sinfdan qoldirib yana o‘qitish kerak degan bo‘lardim. Chunki, maktabga majburlikdan vaqt o‘tkazish uchun kelib yuradi, o‘qimaydi. Milliy Gvardiya davomat bilan shug‘ullanayotgani esa ancha yengillik bo‘ldi”, deydi u.
O‘zbekistondagi eng kam maosh oluvchilarning biri sog‘liqni saqlash bo‘lsa, biri aynan ta’lim. Tanganing ikkinchi tomoni shundaki, mamlakatda shu ikki soha xodimlari son jihatdan boshqalardan ancha ko‘p. MMT vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilovga ko‘ra, bitta o‘qituvchining maoshi 1 million so‘mga oshirilsa, bu byudjetga bir yilda 7 trillion so‘mga tushadi. Statistika agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim tizimida bugungi kundagi o‘rtacha ish haqi 3 mln 637 ming so‘mni tashkil etadi. Yodingizda bo‘lsa, o‘qituvchilarning oylik maoshlari 1000 dollarga yetkazilishi va’da qilingan edi. O‘tgan yili 28 avgustda matbuot anjumani o‘tkazgan Hilola Umarova mazkur savolga javob bergandi.
“Lekin bir narsani aytishim kerak, 1000 dollardan oshiq olayotgan o‘qituvchilarimiz ham bor. Har bir sohaning KPI’lari bor. Ya’ni bizda ham, mana maktabgacha ta’lim tizimida, umuman, ustozlarimizga bir nechta yo‘nalishlar qo‘yilgan. Misol, agar toifasi yuqori bo‘lsa, qo‘shimcha oylik qo‘shiladi. Olimpiadaga o‘quvchi chiqargan bo‘lsa, bunga ham ustama. Mana hozir sertifikatlash (til va boshqalar) uchun ham mablag‘lar ajratilgan”, degandi u.
Anjumanda shuningdek, hozirgi kunda qariyb 545 ming nafar o‘qituvchining 6 ming nafardan ortig‘i, ya’ni 1,1 foizi 1000 dollardan ortiq maosh olayotgani aytilgan.
Forma majburiymi?
Maktablarda yagona formaning majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lishi borasida so‘nggi bir necha yilda ko‘pgina hukumat qarorlari qabul qilinganki, adashtirib yuborish hech gap emas. Demak, boshladik. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustda qabul qilingan qarorida maktab formasi 2018-2019 o‘quv yilidan ixtiyoriy, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy joriy etilishi belgilangan. Keyinchalik, ya’ni 2019 yil may oyida o‘sha davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saida Mirziyoyeva maktab formasini majburiy qilishdan ko‘ra boshqa muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab, majburiy maktab formasi talab qilinishiga hali ertaligini aytgandi.
“O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta’mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishini ko‘rdik. Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz. Qisqasini aytganda - oldin sharoit, keyin talab”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi sahifasidagi postida.
Shundan so‘ng, 2019 yil 18 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 509-sonli qarori qabul qilindi va yagona maktab formasi 2019-2020 o‘quv yilidan emas, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladigan bo‘ldi. 2022 yil 19 may kuni esa hukumatning 271-sonli yana bir qarori bilan maktab formasi 2024-2025 o‘quv yilidan emas balki, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab majburiy joriy etiladigan bo‘ldi. Biroq, bu qaror ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida turli xil e’tirozlar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. E’tirozlar inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilindi va yagona maktab formasi bosqichma-bosqich joriy etiladigan bo‘ldi. So‘nggi qabul qilingan qarorda esa yagona maktab formasi joriy etishning aniq muddati belgilanmadi. Mana 2024-2025 o‘quv yilining ikkinchi yarmi ham boshlandi va maktab formalari mashmashasi yana ko‘tarildi.
E’tiborga molik jihatlardan biri shuki, jarimaga tortilgan maktab direktori video davomida xodimlariga namuna sifatida shahardagi yagona forma joriy etilgan bir qancha, xususan, shahardagi 34, 1, 11, 8, 5 maktablarni sanab o‘tgan. Nima deb o‘ylaysiz, yagona forma ushbu maktab direktorlarining shaxsiy tashabbuslarimi yoki ularga ham yuqoridan buyruq keladimi? QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan boshqa viloyatdagi maktab direktorlaridan biri bunday buyruq yuqoridan kelishini, 2025 yildan boshlab esa yagona forma majburiy joriy etilishi to‘g‘risida buyruq berilganini bildirdi. Bundan tashqari, bir necha maktab o‘qituvchilari va sinf rahbarlaridan so‘raganimizda ham maktablarda yagona forma majburiy ekanini aytishdi. E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, Qashqadaryo viloyat MMTB ham direktorning tarqalgan videosiga bergan munosabatida majburiy tartibda o‘quvchilarni forma kiyishiga doir pul mablag‘larini yig‘ish, tashkil etish qat’iyan taqiqlanishini bildirgan, forma kiyishga majburlash mumkin yoki mumkin emasligi haqida esa so‘z demagan.
Maktab formalari yaxshimi yoki…
Tadqiqotlarga ko‘ra, agar barcha o‘quvchilar bir xil kiyimda bo‘lsa, sinf xonalari tartibli ko‘rinadi, bolalar kamroq shovqin qiladi va ko‘proq tinglaydi. Bunday faktlar o‘qituvchilar uchun yoqimli eshitilishi mumkin, ammo bir qancha mutaxassislarga ko‘ra, natijada bola o‘z fikrini va tanlovini ifoda etishga qiynalishi mumkin. Ularning tushuntirishlaricha, bolalar, ayniqsa o‘smirlar tashqi ko‘rinishlari bilan o‘z ichki hissiyotlari, xarakter va dunyoqarashlarini ifoda etishga urinadi. Majburiy tarzda bir xil forma kiyish – ularning bu imkoniyatlarini cheklaydi, tanqidiy va kreativ fikrlash qobiliyatlarini pasaytiradi. Ba’zi nashrlar o‘rganishlar yagona forma ijtimoiy tengsizlikni inkor etib, bolalar o‘rtasida bezorilikni kamaytirishini ko‘rsatganini yozsa, boshqalari bunday fikrlar quruq gap ekanini aytadi. Bir qancha mutaxassislar forma kiygan o‘quvchilarning bilim darajasi yuqoriligi hech qachon o‘z isbotini topmagani va statistikada aks etmaganini ta’kidlashadi. Shuningdek, ekofaollar yagona forma uchun odatda ishlab chiqarish jarayonida ko‘pincha suv yo‘llari va tuproqni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan zararli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olgan sintetik materiallardan foydalanilishi va shu jihati bilan atrof-muhitga katta ziyon yetkazishini ta’kidlashadi.
Ta’limga qancha tikilgan?
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 250 million bola va yoshlar maktabga bormaydi, 763 million kattalar esa savodsiz. Mana shunday ta’lim muammolariga qarshi kurash va ta’limni zamonaviylashtirish maqsadida 24 yanvar Xalqaro ta’lim kuni sifatida nishonlanadi. Barcha dunyo mamlakatlari singari O‘zbekiston ham ta’lim rivoji uchun katta mablag‘ sarflaydi. Masalan, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, 2024 yil uchun byudjetdan Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi uchun 50 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan edi. Bu pullar maktablarda darsliklar va eskirgan kompyuterlarni yangilash, Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini planshetlar bilan ta’minlash, maktablarga sport anjomlari va cholg‘u asboblari hamda boshqa umumiy xarajatlar uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan edi. Xo‘sh, maktabingizda eskirgan kompyuterlar, darsliklar yangilandimi? Sport anjomlari va cholg‘u asboblari olib kelindimi? Aytgancha, xonqalik va qo‘shko‘pirlik bolalar, planshet oldingizmi?
Bu yil esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tgan yilgisidan ham ko‘proq – 60 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilmoqda. Ko‘pincha tanqid qilinadigan, ta’lim tizimiga, to‘g‘rirog‘i, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilgan mablag‘ miqdor jihatidan Iqtisodiyot va moliya vazirligidan (96 trln so‘m) keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
Mansabdorlarning “milliy tashabbuslari”
Kiyim mashmashasi faqat ta’lim dargohlarida bo‘ladi desangiz, adashasiz. Kasb va xizmatga mos, qulay va albatta odob-axloq qoidalari asosida kiyinish muammo emas. Shunchaki, ba’zida kutilmagan o‘zgarishlar ham bo‘lib turadi. Masalan, Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov imzolagan qarorga ko‘ra, “Milliy Toshkent” loyihasi amalga oshiriladi va shahardagi davlat ishxonalari xodimlariga milliy liboslarda yurish tavsiya etiladi. Shuningdek, “Milliy Toshkent” loyihasi doirasida:
- Shahar yo‘lovchi tashish transportlari hamda transport kartalari milliylik ornamentlari bilan bezatiladi;
- Shahardagi maktablarning har birida namuna sifatida bittadan “Milliy o‘zbek sinfi” tashkil etiladi;
- Savdo markazlari, bozorlar, istirohat bog‘lari, muzeylar, kino va teatr binolarining fasad hamda ichki qismi milliylik ruhida bezatiladi;
- “Toshkentda milliylik trendda”shiori ostida qisqa metrajli ijtimoiy roliklar, blog hamda fleshmoblar tanlovi e’lon qilinadi.
Bu qaror nimanidir yodingizga solmadimi? Eslay olmagan bo‘lsangiz, yordamlashamiz. 2021 yilda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik xodimlariga ish faoliyati davomida do‘ppi kiyish tashabbusini bildirgandi. U buni qadriyatlarni hayotga qaytarish deb atagan edi. Bunday tashabbuslar haqida gap ketganda Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonovning o‘zini haqiqiy andijonlikman degan hammani Andijon polkasiga o‘ynashga chaqirganini ham eslab o‘tmasak, bo‘lmas. O‘shanda hokim topshirig‘iga asosan “Andijon polkasi” kuyi yaratilganining 100 yilligi hamda shu nomdagi xalq raqs ansambli tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan viloyatda “Andijon polkasi” oyligi e’lon qilingandi. Shunday qilib, tashqari ko‘rinish va kiyim masalasida yakdillikka erisha olmayotgan fikrlar qarama-qarshiligi doimgidek davom etmoqda. Jamoat faollariga ko‘ra, yuqoridagilar shakl emas, mohiyat muhimroq ekanini tushunib yetishlari kerak.
Iqbol Ergashova
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel