“Ko‘chada qolgan” ustozlar. Davlatning o‘qituvchilarga hurmati shumi?
Jamiyat
−
04 noyabr
27192Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab o‘qituvchilar malakaviy attestatsiya imtihonlarini topshirmoqda. Masalan, Toshkent shahrida joriy yilning 31 oktyabridan boshlab mazkur attestatsiya imtihonlariga start berilgan.
Toshkent shahar Olmazor tumanidagi imtihon markaziga kelgan o‘qituvchilar esa QALAMPIR.UZ diqqatini tortdi. Ular o‘z navbatlari kelishini kutish uchun o‘rindiq topa olmay ko‘chada, sement va bordyurlar ustida o‘tiribdi. Xo‘sh, jamiyatga ziyo nurini tarqatadigan, bolalarga ta’lim beradigan ustozlarga hurmat shumi? O‘z o‘qituvchilarini sinayotgan O‘zbekiston ular uchun yetarlicha sharoit yaratib bera olmaydimi? QALAMPIR.UZ shu va shu kabi savollarga javob topish uchun o‘qituvchilarga mikrofon tutdi.
“Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarimiz. Attestatsiya imtihonlariga kelganmiz. Xudo xohlasa, yaxshi bo‘ladi, degan niyatdamiz. Oldinlari har 5 yilda o‘z malakamizni oshirish imkoniga ega edik. Hozir unday emas. Kerak bo‘lsa, har yili, bir yilda ikki marta ham darajamizni oshirib ololamiz”, dedi hayajon bilan imtihon boshlanishini kutayotgan o‘qituvchi.
O‘qituvchilar o‘z ishlaridan ortib imtihonlarga tayyorlanadi. Ularning aytishicha, ba’zan amaliyotda asqatmaydigan savollar imtihonlarda beriladi. Ba’zan esa xato tuzilgan savollar ularni qiynaydi.
“Yuklama ko‘p, haddan tashqari ko‘p kitobni varaqlash kerak. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarimiz, hamma fandan darsga kirganimiz uchun savollarni aralash fanlardan tuzishgan. Masalan, chet tili fani o‘qituvchilariga faqat o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha savollar tushsa, boshlang‘ich sinf ustozlariga katta sinf darsliklaridan ham savollar berilyapti. Mana shu tomoni bizga sal og‘irlik qiladi. Balki yuqori sinflarda o‘tiladigan mavzularni ham bilishimiz kerakdir, lekin hozirgi davrda bizga sal og‘irlik qilyapti”, dedi ko‘chada kitob titib imtihonga shoshilayotgan ustoz.
“Bizga berilayotgan ba’zi testlar, misollar xato tuzilgan. Menga ham xato tuzilgan masala tushdi, masalani ko‘rsatsam, ular menga “Izoh yozib qo‘ying” deyishdi, xolos. Bizga misol berishdan oldin o‘zlari to‘g‘ri test tuzishni o‘rganishsin, keyin bizga test berishsin”, deb e’tiroz bildirdi imtihonga kirib chiqqan o‘qituvchi.
Lekin hamma o‘qituvchilar ham bunday fikrda emas. Ayrimlar testlar qiyin emasligi, shunchaki bilmagan odam uchun hamma narsa qiyin tuyulishini bildirdi.
“Murakkab savol yo‘q, hammasi yaxshi savollar. Hozirgi kunda hammasini bilish kerak. O‘qimagan odamga oddiy narsa ham qiyin, o‘qigan odamga oson. Tabiiy fanlardan bir savol tushdi, masalan baliq haqida “Guppi balig‘i necha santimetr?” bilmagan odamga shu savol ham qiyinda”, dedi o‘qituvchilardan biri. Ammo baribir bugun o‘qituvchilar o‘z faoliyati davomida har xil qiyinchiliklarga uchramoqda. Masalan, darsliklar borasida ham ular allaqachon turli muammolarni boshidan kechirgan.
“Bugungi kunda darsliklarni o‘quvchilarga yetkazib berishda qiynalyapmiz. Darsliklar bo‘yicha ota-onalar bilan ishlashda qiynalyapmiz. Ular masalalarni, vazifalarni tushunmayapti. Oldingi paytlarda bunaqa emasdi”.
E’tiborimizni tortgan yana bir jihat esa imtihonga kelgan o‘qituvchilarning turmush o‘rtoqlari bolalarini ovutib o‘tirganligidir.
“Bugun ayolimni imtihonga olib kelgandim, farzandimga qarab turibman, Xudo xohlasa, yaxshi natijalarni kutib turibman”, dedi bolasini ko‘chada ko‘tarib yurgan otalardan biri.
O‘qituvchilarning ma’lum qilishicha, imtihon markazida ular uchun joy ajratilgan. Biroq o‘qituvchilar soni ko‘p bo‘lgani uchun ular ajratilgan joylarga sig‘maydi va shu sababli ham ko‘chada o‘tirishga majbur.
“Yerto‘lada joy bor, lekin o‘qituvchi ko‘pligi sababli nafasim siqib ketdi. Shuning uchun ko‘chaga toza havoga chiqdik. Ko‘chada o‘rindiqlar yo‘qligi sababli sementda o‘tiribmiz. Iloj qancha?” dedi hamkasabalari bilan ko‘chada, shundoq sement ustida o‘tirgan yosh ustoz.
Ayrim o‘qituvchilarning aytishicha, ular yaratilayotgan imkoniyatlardan bahramand emas. Ular aynan mana shu imkoniyatlarga erishish uchun attestatsiya imtihonlaridan o‘tishi kerak deb hisoblaydi.
“E’tiborlarga hali yetib bormadik, borsak agar natijasini sekin-sekin ko‘ramiz-da. Toifalarimizni yuqori qilib, shu e’tiborga yetib borish uchun harakatdamiz.” deydi o‘qituvchilardan biri. “Bu savolga javob berolmayman. To‘g‘risi, hali men e’tibor sezganim yo‘q”. Ammo shunday bo‘lsa ham, ustozlar bugungi kundan shukur qilmoqda va o‘qituvchilar uchun bundan-da yaxshi sharoitlar yaratilishiga umid qilmoqda.
“Sharoitimiz yaxshi, shukur qilishimiz kerak. Toifalardan o‘tib olsak, xursand bo‘laman. Shunga sharoit yaratib berayotgan Prezidentimizga rahmat aytaman. Ba’zi bir davlatlarda qiyinchilik, urushlar. Alhamdulilloh, O‘zbekistonimiz tinch”, dedi ko‘chada o‘tirgan o‘qituvchi.