Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan markaziy osiyoliklar ozod qilindi
Olam
−
14 aprel
2175Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ozod qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga M.S. va B.V. ismli o‘zbekistonliklar Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lganini bildirib, vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha ular Tailandga internet orqali yuqori maoshli ish taklif qilinganidan so‘ng yetib kelgan. Biroq Tailandga yetib kelganidan so‘ng ular aldanib, noqonuniy ravishda Myanmaga olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘liga topshirilgan. Myanmada noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlar qo‘llangan. Jinoiy to‘da ularning ozod etilishi va vataniga qaytishi uchun katta miqdorda pul talab qilgan.
Shuningdek, 8 nafar Qirg‘iziston va 4 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan. Tailandda Qirg‘izistonning diplomatik vakolatxonasi yo‘qligi inobatga olinib, Qirg‘iziston tomonining iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari ushbu fuqarolarni o‘z vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam ko‘rsatdi.
Myanma va Tailandning vakolatli organlari bilan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari Mey Sot (Tailand) chegara o‘tish punktida ozod qilinib, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlariga topshirildi. Ozodlikka chiqqanlar vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlandi. 11 aprel kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida 2 nafar O‘zbekiston, 4 nafar Qozog‘iston va 7 nafar Qirg‘iziston fuqarosi o‘z oilasi bag‘riga muvaffaqiyatli qaytarildi. Qirg‘izistonning bir fuqarosi sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Yekaterinburg shahrida oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol va uning voyaga yetmagan farzandlariga O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgandi.
LiveBarchasi