Xorvatiyada avariyaga uchragan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Olam
−
14 aprel
4277Xorvatiyada og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro qaytarilishiga O‘zbekiston elchixonasi xodimlari yordam ko‘rsatgan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, N.S. 2024 yilda ishlash uchun Zagreb shahriga kelgan. O‘tgan yilning 29 noyabr kuni u yo‘l transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan va Zagreb shahridagi markaziy shifoxonaga yotqizilgan. Bemor o‘tgan vaqt davomida doimiy tarzda shifokorlar nazoratida bo‘lgan.
O‘zbekiston elchixonasi voqea sodir bo‘lgan dastlabki kunlardanoq vaziyatni nazoratga olgan. Diplomatik missiya shifokorlar va shifoxona vakillari bilan fuqaroning ahvoli yuzasidan muloqot qilib turgan. Jabrlanuvchining oila a’zolari bilan ham yaqin muloqot o‘rnatilgan va bemorning ahvoli to‘g‘risida aniq ma’lumotlar taqdim etilgan.
Bemorning ahvoli inobatga olinib, diplomatik vakolatxona tashabbusi bilan Migratsiya agentligi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida yuqori malakali tibbiyot mutaxassisi Xorvatiyaga olib kelingan.
Barcha jalb qilingan tuzilmalarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari tufayli N.S. 11 aprel kuni O‘zbekistonga muvaffaqiyatli yetkazilgan.
“O‘zbekistonga yetib kelgach, u ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan va kerakli davolanishni davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Elchixona xodimlari sa’y-harakatlari bilan fuqaroning davolanishi uchun ketgan to‘lovlar sug‘urta kompaniyasi va ish beruvchi tomonidan qoplangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi ko‘magida Ozarbayjonda og‘ir ahvolda qolgan fuqaro mamlakatga qaytarilgandi.
LiveBarchasi