Samarqand hokimi o‘qituvchilarga ko‘chani nazorat qilishni buyurdi (video)

Jamiyat

image

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvda o‘qituvchilarga ko‘chalarni nazorat qilish topshirig‘ini berdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Adiz Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda mavjud barcha oliy ta’lim muassasalariga ko‘chalar biriktiriladi va undagi o‘qituvchi-professorlar o‘zi biriktirilgan ko‘chalarga mas’ul bo‘ladi.

“Hamma institutga, oliy ta’lim muassasasiga bittadan, ikkitadan, kimgadir uchtadan, kilometriga qarab, kattaligiga qarab turib, sohasiga qarab turib, hamma yog‘ini o‘ylaymiz-u, ko‘cha beramiz. Mana shu ko‘cha falon institutga bo‘ladi. Men sizlarga u yerga bir daraxt ekinglar, trotuar qilinglar, yoki boshqa qilinglar demayman. Sizlar o‘sha ko‘chaning egasi bo‘lasizlar, o‘sha ko‘chaga egalik qilasizlar”, degan hokim uchrashuvda.

Boboyevning ta’kidlashicha, biriktirilgan ko‘chalarning tozaligi har kuni tongda ustozlar tomonidan nazorat qilinadi. Hokim buva bu jarayonga, hattoki, o‘quvchi-talabalar ham jalb etilishi mumkinligini bildirgan.

“Qanaqadir o‘zlaringizning o‘qituvchilaringiz bor, o‘zlaringizning o‘quvchilaringiz bor. Har kuni ertalab bitta o‘qituvchi bunday bir aylanib keladi, bir o‘qituvchi o‘sha yerdan bir piyoda yuradi, sog‘liqqa ham foydasi bor ”, deydi Boboyev.

Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, nazorat jarayonida o‘qituvchilar ko‘chaning qaysi qismi nosoz yoki ta’mirtalab, qayeriga ko‘chat ekish kerak yoki qaysi qismida ko‘chatga kasallik kelib qolgani kabi muammolarni bilib borishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ko‘cha nazorati yuklamasiga ega bo‘lgan o‘qituvchi yoki OTM xodimlari hokimlikka nazorat davomida uchragan muammolarning yechim takliflarini ham berishiga to‘g‘ri keladi.

“Bitta ko‘chat, ko‘chada to‘rt xil, besh xil aralashtirib tashlab yuborilgan ko‘chat, misol uchun. Shunaqa bir ming xil masala bor-da. Shularni sizlar olasizlar-u, shu ko‘chaga bir boshdan o‘zlaringizga bitta “darojniy" kartochka” qilib olasizlar”, degan hokim.

Adiz Boboyevning topshirig‘iga ko‘ra, biriktirilgan OTMlar ko‘chalarning qaysi qismida ko‘chatlar yo‘qligi haqida ro‘yxat shakllantirib boradi.

“Qayerda ko‘chat yo‘q bo‘lsa, o‘shaning ro‘yxatini qilasizlar. Qanaqa ko‘chat kerakligini o‘sha ko‘chatdan toptiriladi. Mana ikki oydan keyin kuz keladi. Noyabrda eksa bo‘ladi. Palapartishga kelgan joylarni almashtiramiz. Qayerda kustarnik ekish kerak bo‘lgan bo‘lsa, uni ham ko‘rasizlar” deb topshiriq bergan Boboyev.

Samarqand viloyati hokimligining qayd etishicha, shahar ko‘chalarini oliy ta’lim muassasalariga biriktirish tashabbusi ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yangicha yondashuvni joriy etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish va ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish qonun bilan taqiqlanadi. Shuningdek, pedagoglarni hashar ishlariga, hududlarni obodonlashtirishga, qishloq xo‘jaligi ishlariga yoki boshqa majburiy mehnat turlariga jalb qilish mumkin emas.

Qonunda pedagoglarni o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan ishlarga majburiy jalb etgan, ularning dars berish jarayoniga aralashgan yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing