Vazirlik havo soviganda ekinlarni sovuq urishidan asrash uchun tavsiyalar berdi

Foydali

image

Avvalroq, joriy yil 24-27 fevral kunlari O‘zbekistonga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi sababli harorat kechasi 17-22 daraja va kunduzi 10-15 daraja sovuq kutilishi haqida xabar bergan edik. O‘zgidromet bunday havoda kurtak ochib bo‘lgan mevali daraxtlarni sovuq urishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi shunday ob-havo sharoitida mevali bog‘ va uzumzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlariga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida zudlik bilan amalga oshiriladigan tavsiyalarni berib o‘tdi. Bular:

•    mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish;

•    mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash hashak, paxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish. Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m hamda balandligi 0,5-0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish;

•    daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo xaroratini kuzatib borish;

•    havo ochiq bo‘lib, harorat +1 darajaga tushishi bilan uyumlarni tutatish. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatish. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish;

•    ertagi muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv qo‘yishni tashkil etish va maydonning atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plash hamda ularni tutatish;

•    isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish;

•    issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini parnikda tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish;

•    har bir dalada havo haroratini kuzatib, havo harorati +1 darajaga tushishi bilan uyumlarni tutatish. 

Vazirlikka ko‘ra, sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga 2-3 daraja sovuq sezilarli ta’sir etmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Qishloq xo'jaligi vazirligi

Baholaganlar

362

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing