Qozog‘iston O‘zbekistondan pomidor importini vaqtincha taqiqladi

Olam

image
0:00
0:00
download
Qozog‘iston Respublikasi mamlakat hududiga uchinchi davlatlardan yangi yoki sovutilgan pomidorlarni barcha transport turlari orqali olib kirishga bir haftalik taqiq joriy etdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 22 iyundagi “Qozog‘iston Respublikasi hududiga pomidorlarni olib kirishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 250-son buyrug‘ida so‘z boradi.

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov yangi va sovutilgan pomidorlarni import qilishni vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan. Hujjatga muvofiq, taqiq 2026 yil 30 iyungacha amal qiladi.

Cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo bo‘lmagan davlatlardan keltiriladigan pomidorlarga nisbatan qo‘llanadi. Shu bilan birga, YeOIIga a’zo mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlar mazkur cheklovlardan mustasno hisoblanadi.

Shuningdek, Qozog‘iston hududi orqali pomidorlarni tranzit tarzda tashish va ittifoq mamlakatlari o‘rtasida respublika orqali yuk tashish imkoniyati saqlanib qoladi. Buyruq kecha, 22 iyun kuni imzolangan bo‘lib, qabul qilingan kundan boshlab kuchga kirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2020 yildan beri YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomiga ega, ammo to‘liq a’zo davlat emas. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari va tashuvchilardan mazkur talablarni inobatga olishini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda mamlakat ichida yonilg‘i taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida chegaralardagi nazorat kuchaytirilgani xabar qilingandi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing