Arzon go‘sht - qog‘ozda arzon
Jamiyat
−
12 may
7537Qishloq xo‘jaligi vazirligining bayonotida O‘zbekiston “dunyoda go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlardan biri” sifatida tilga olindi. To‘g‘ri, raqamlar bunga guvoh: 1 kg mol go‘shti 65 mingdan 130 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
Ammo bu raqamlar vazirlik fayllarida qanday ko‘rinsa ko‘rinsin, real bozor rastalarida boshqacha ko‘rinadi. Masalan e’lon qilingan ma’lumot bo‘yicha:
“Ayni paytda yurtimizdagi bozorlarning arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 65-75 ming, savdo rastalarida 90-95 ming, savdo markazlarida esa 95-100 ming so‘mdan sotilmoqda”.
Bu narxlar fonida “arzon” degan iboraning o‘zi savol ostida qoladi. Ayniqsa, o‘rtacha oylik daromad 3–4 million so‘m atrofida bo‘lgan muhitda.
Haqiqatni tushunish uchun go‘sht narxini boshqa mamlakatlardagi narxlar bilan emas, o‘sha mamlakatdagi maoshlar bilan solishtirish kerak. Shvetsiyada odamlar 1 kg mol go‘sht uchun 46 dollar to‘laydi, lekin bu ularning oylik daromadining atigi 1 foizi. O‘zbekistonda esa o‘rtacha to‘rt kishidan iborat oila bir haftada 1 kg go‘sht iste’mol qilsa, 3-4 million so‘mlik oylik maoshining taxminan 10-13% qismini go‘shtga sarflaydi. Bu esa “arzon” degan tasavvurni butkul yo‘qqa chiqaradi.
Bozorlardagi go‘sht rastalariga razm soladigan bo‘lsak, ko‘p hollarda suyakli, yog‘li go‘sht mahsuloti “lahm” narxida sotiladi. Statistikada biz ko‘p go‘sht yeyapmiz. Hayotda esa bir kilogramm lahm go‘shtni olish — bayram oldidan uyda “pul chiqim qilishga tayyorgarlik” degan tushunchaga aylanib ulgurgan.
Keling, shu o‘rinda Qishloq xo‘jaligi vazirligining yana bir statistik ma’lumotiga nazar tashlasak:
“Taqqoslaydigan bo‘lsak, Rossiyada 1 kg mol go‘shti 10-12, Belarusda 6-8, Qozog‘istonda 7-11, Tojikistonda 8-10, Gruziyada 9,5-12, Ozarbayjonda 9,5-12,5, Turkiyada 12-14 dollar, shuningdek, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar Shvetsiyada 46,2, Islandiyada 38,86, Janubiy Koreyada esa 28 dollar atrofida sotilmoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston dunyoning go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘izistondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi”.
Rasmiy ma’lumotlarda O‘zbekiston go‘shti global kontekstdagi eng “arzon” mahsulotlardan biri. Ammo bu gaplar odamlarning kundalik hayotida hech narsani o‘zgartirmaydi. Bozorga chiqib, tarozida bir kilo lahm tortib ko‘ring — statistik “arzonlik”ning haqiqatdan qanchalik uzoq ekaniga guvoh bo‘lasiz.
Aktam Hayitovning “juda ko‘p go‘sht yeyapmiz” degan iborasi, balki samimiy niyatda aytilgandir. Ammo bu so‘zlar odamlarning haqiqatiga mos tushmadi. Chunki xalq allaqachon go‘shtdan emas, gapdan to‘ygan.
Har safar statistika rasmiy ma’lumotlar bilan bizni quvontirmoqchi bo‘lganida, negadir xalqning bozor sumkasi jim turadi.
LiveBarchasi