Paxta terimi uchun narx belgilandi
Jamiyat
−
31 avgust 55610 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda terilgan 1 kilogramm paxtaga 1800 so‘m to‘lanishi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, joriy yilda paxta terimi narxlari quyidagicha belgilangan:
- Mashina yordamida terilgan paxtaning 1 kilogramm uchun – 1 373 so‘m;
- Qo‘l mehnati bilan terilgan paxtaning 1 kilogramm uchun – 2 000 so‘m tavsiyaviy narx belgilangan bo‘lib, terim vaqtida klaster, fermer xo‘jaligi rahbarlari va terimchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida terim narxi mustaqil belgilash amaliyoti ham qo‘llanadi;
- Shuningdek, paxta yetishtirish xarajatlarini qoplash maqsadida davlat byudjeti hisobidan 1 kilogramm paxta uchun 1000 so‘m subsidiya ajratiladi.
Qayd etilishicha, ushbu tartib paxta yetishtiruvchilarning manfaatini himoya qilish, terimchilar mehnatini rag‘batlantirish va agrar sohada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “1 kg – 1 800 so‘m” haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan. Shuningdek, paxta terimi narxlari jamoatchilikka faqat rasmiy manbalar orqali yetkaziladi. Turli taxminlar va tekshirilmagan xabarlar jamiyatni chalg‘itishi bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin”, deyilgan vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 2 ming 500 so‘mdan haq to‘lanishi belgilangandi. Bunda ushbu mablag‘ning 2000 so‘mi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan, 500 so‘mi klaster hisobidan ajratilib, dalaning o‘zida terimchilarga tarqatilishi belgilangandi.
Live
Barchasi