Vazir Toshpo‘latov Buxoro IIBda ham “tozalash” o‘tkazdi

Jamiyat

image

Buxoro viloyatida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning buyrug‘i bilan tizimdagi qator mansabdor shaxslar, xususan, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari va viloyat IIB Huquqiy statistika va tezkor hisob ma’lumotlar markazi boshlig‘i ishdan olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Buxoro viloyatida o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari bo‘yicha Ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Toshpo‘latov tomonidan viloyat hamda tuman-shahar ichki ishlar organlarining mas’ul rahbarlari va shaxsiy tarkibi ishtirokida hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbirda respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatdagi o‘rganish yakunlariga ko‘ra, har bir shahar va tuman kesimida jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining murojaatlari bilan ishlash, ularga xizmat ko‘rsatish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek xodimlarning ijro hamda xizmat intizomiga rioya etish masalalari tanqidiy muhokama qilingan.

Kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalariga ko‘ra, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llangan.

Jumladan, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i, viloyat IIB Huquqiy statistika va tezkor hisob ma’lumotlar markazi boshlig‘i, Buxoro shahar IIO FMB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i hamda yana bir o‘rinbosari – Tergov bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari – Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, Tergov boshqarmasi boshlig‘ining ikki nafar o‘rinbosari, viloyat IIB Kotibiyat boshlig‘i, G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va uning o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlariga intizomiy jazolar qo‘llangan.

“Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari hamda takliflari tinglandi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq muddatlar belgilanib, viloyat IIB hamda tuman-shahar ichki ishlar bo‘linmalarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash hamda yechimini kutayotgan boshqa masalalar yuzasidan istiqbolli vazifalar rejalashtirildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joiz, mart oyida Qashqadaryo viloyatida Aziz Toshpo‘latovning buyrug‘i bilan tizimdagi qator mansabdor shaxslar, xususan, Ko‘kdala va Kitob tumanlari IIB boshliqlari ishdan olingandi. Bunga ularning xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni 2017 yildan beri Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelgan Po‘lat Bobojonov lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Uning o‘rniga Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Aziz Toshpo‘latov Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. Toshkent shahar IIBBga esa Xorazm viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev tayinlandi.

Ravshan Sultonxo‘jayevning o‘rniga esa Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan polkovnik Abdumajid Shermuhammedov Xorazm viloyati IIB boshlig‘i tayinlandi. Andijon viloyati IIB boshlig‘i lavozimini egallab kelgan polkovnik Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro IIB Aziz Toshpo'latov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing