Vetnamda Telegram butunlay bloklanishi mumkin

Olam

image

Vetnam Texnologiya vazirligi jinoyatga qarshi kurashda hamkorlik qilmagani sababli Telegram ilovasini bloklashni buyurdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, telekommunikatsiya kompaniyalariga Telegram’ni bloklash choralarini ko‘rish va bu haqda  joriy yilning 2 iyunigacha vazirlikka hisobot berish topshirilgan. Ushbu qaror mamlakat Kiberxavfsizlik boshqarmasi nomidan chiqarilgan bo‘lib, politsiya Telegram’dagi 9 600 ta kanal va guruhlarning 68 foizi qonunni buzganini aniqlagach, qabul qilingan. Mazkur qonunbuzarliklar orasida firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi va “terrorizm bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar” va boshqa shu kabi faoliyatlar tilga olingan. 

Dunyo bo‘yicha Facebook, WhatsApp va WeChat kabi ijtimoiy tarmoqlarga raqobatchi hisoblangan Telegram 23 may holatiga ko‘ra, Vetnamda hanuz faol.

Ma’lumot o‘rnida, Vetnamni boshqarayotgan Kommunistik partiya ommaviy axborot vositalarini qat’iy nazorat qiladi va muxolifatga deyarli toqat qilmaydi. Mamlakatda Facebook, Google, YouTube va TikTok kabi kompaniyalarning kontentlari “zararli” deb topilgan. Xususan, Vetnam hukumati ulardan haqoratli, yolg‘on yoki davlatga qarshi deb baholangan kontentlarni yo‘q qilish uchun hamkorlik qilishni bir necha bor so‘ragan.

Hozirda Vetnam hukumati Telegram ijtimoiy tarmog‘ini qonunga xilof axborotni kuzatish, o‘chirish va bloklashni talab qiluvchi qonunlarni qo‘llamayotganlikda ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dog‘iston Respublikasi raqamli rivojlanish vaziri Yuriy Gamzatov Telegram messenjeri Dog‘iston va Chechenistonda bloklanganini ma’lum qilgandi. Gamzatov Telegram ko‘pincha dushmanlar tomonidan qo‘llanilishini, bunga Maxachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar misol bo‘la olishini iddao qilgan. 

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

V'etnam Texnologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing