Xitoy va Vetnam suv ostida qoldi: minglab aholi ko‘chirildi

Olam

image

“Narra” to‘foni sabab Xitoyning janubiy hududlari va Vetnam shimolida kuchli yomg‘ir yog‘ib, suv toshqinlari va ko‘chkilar yuzaga keldi. Xitoyda 54 mingga yaqin aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi va Vetnamda bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Straights Times” xabar berdi.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, ko‘chirilganlarning 8 087 nafari favqulodda boshpanalarga joylashtirilgan. Kuchli yog‘ingarchiliklar infratuzilma va qishloq xo‘jaligi ekinlariga ham zarar yetkazgan.

Vetnam shimolida bir necha kun davom etgan yomg‘irlar oqibatida 4 300 dan ortiq xonadon boshqa hududlarga ko‘chirilgan. “Narra” to‘foni Beybuyu qo‘ltig‘i, ya’ni Tonkin qo‘ltig‘i ustida saqlanib qolgan.

Mutaxassislar uning quruqlikka chiqmasligini, biroq mamlakat shimolida kuchli yog‘ingarchiliklar davom etishini bildirgan.

Bugun, 24 avgust tongiga qadar Vetnamning Lang Son va Kao Bang provinsiyalarida 24 soat ichida 236–300 millimetrgacha yomg‘ir yog‘gan. Oqibatda suv toshqinlari va yer ko‘chkilari yuzaga kelgan.

UNESCO’ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xa Long qo‘ltig‘i joylashgan Kuang Nin provinsiyasi ham tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan. Suv shaharning ayrim qismlarini bosgan, turizm, baliqchilik va transport faoliyatida uzilishlar kuzatilgan.

Tabiiy ofat kundalik hayotga ham ta’sir ko‘rsatgan. Maktab va idoralarning faoliyati izdan chiqqan, 55 mingga yaqin xonadon elektr ta’minotidan uzilgan. Shuningdek, 10 ming gektardan ortiq sholi va boshqa ekinlar zarar ko‘rgan.

Xitoyning janubiy qismidagi Guansi provinsiyasida esa 15 ta daryodagi suv sathi kuzatuv stansiyalarida xavfli chegaradan oshgan. Chunszuo shahrining ayrim hududlarini suv bosgan. Qutqaruvchilar tizzagacha yetadigan suv ichida harakatlanib, ayrim aholini qayiqlar yordamida xavfsiz joylarga olib chiqqan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Guansi, Guandun, Xaynan va Futszyan provinsiyalarida 26 avgustgacha kuchli yomg‘irlar davom etishi kutilmoqda. Shuningdek, “Narra” to‘foni Xitoyning Oyga mo‘ljallangan navbatdagi missiyasiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakat “Chan’e-7” uchuvchisiz kosmik apparatini uchirishni kechiktirdi. Missiya bugun, 24 avgust kuni Xaynan provinsiyasidagi Venchan kosmik parvozlar markazidan uchirilishi kutilgan edi. Rasmiylar apparat uchirish shartlariga javob bermaganini bildirgan.

Tailand Milliy astronomik tadqiqot instituti esa missiya tarkibida ilmiy yuklama borligini va uchirishning kechiktirilishiga aynan to‘fon sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning sharqiy hududlarida kuzatilgan misli ko‘rilmagan kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 8 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing