Shavkat Mirziyoyev Vetnam vitse-prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
19:54 327 1 daqiqa
Bugun, 15 oktyabr kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuv avvalida Vetnam delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi, mamlakat Prezidenti To Lamning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Tomonlar O‘zbekiston – Vetnam munosabatlari jadal rivojlanib borayotganidan mamnunligini ta’kidlagan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, turli darajalarda muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Neft-kimyo, elektrotexnika va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit va Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi