Vetnamda 16 mingdan ortiq uy suv ostida qoldi. Qurbonlar bor
Olam
−
16:52 630 2 daqiqa
Vetnamning shimoliy va markaziy hududlarida yuz bergan kuchli yomg‘ir, suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘ldi, 16 mingdan ortiq uy suv ostida qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mintaqada joriy yilning 14 sentyabr kunidan buyon yog‘ayotgan yomg‘ir kecha, 17 sentyabr kuni tushdan keyin to‘xtagan. Biroq suv toshqinlari oqibatida avtomobil yo‘llari va pasttekisliklar hamon suv ostida qolmoqda. Bu transport harakati va aholining kundalik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Bugun, 18 sentyabr kuni Xanoy shahrida 17 sentyabrdan buyon bedarak yo‘qolgan universitet talabasining jasadi topilgan. Uning jasadi shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi daryoga olib boruvchi drenaj tizimi kirish qismidan aniqlangan.
Qayd etilishicha, mahalliy aholi Xanoy konchilik va geologiya universitetining birinchi bosqich talabasi bo‘lgan yigitga tegishli ko‘k rangli mototsiklni kanalizatsiya tizimi yaqinidan topgan. Taxminlarga ko‘ra, u kuchli yomg‘ir sabab yuzaga kelgan suv toshqini vaqtida kanalizatsiya tizimiga oqizib ketilgan.
Shuningdek, 17 sentyabr kuni kechqurun Xanoy shahrining shimoli-g‘arbida joylashgan Fu Txo provinsiyasining Da Bak tumanida ko‘chki yuz bergan. Hodisa oqibatida yana 3 kishi halok bo‘lgan.
Xanoyning janubi-g‘arbiy qismidagi qishloq hududlardan oqib o‘tuvchi Bui daryosida suv sathi xavfli darajaga ko‘tarilgan. O‘nlab xonadonlar tashqi dunyodan uzilib qolgan. Rasmiylar pasttekisliklarda yashovchi 150 oilani, jami 500 dan ortiq kishini evakuatsiya qilgan.
Mahalliy hokimiyatlar tabiiy ofatlarga qarshi kurashish hamda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish rejalarini ishga tushirgan. Suv toshqinlari 24 ming gektardan ortiq guruch, sabzavot va boshqa ekin maydonlarini ham suv ostida qoldirgan.
Ma’lumot uchun, Vetnam dunyodagi iqlim o‘zgarishlariga eng zaif mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat tez-tez suv toshqinlari va tayfunlarga duch keladi. 2025 yilda ham Vetnamda bir necha bor kuchli suv toshqinlari kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal va Xitoy chegarasida joriy yilning 26 avgust kuni yuz bergan kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 252 nafarga yetgan edi.