Vetnamda bir yil ichida ikkinchi marta prezident almashdi
Olam
−
21 Oktabr
4302Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi va kotibiyatining doimiy a’zosi hisoblangan, bir paytning o‘zida armiya generali bo‘lgan Liong Kuong bugun, 21 oktyabr kuni mamlakatning Prezidenti etib saylandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Vetnam hukmron Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Jamoat xavfsizligi vaziri, armiya generali To Lam 2024 yil may oyidan boshlab mamlakatning Prezidenti sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Avgust oyida Lam Vetnam Kommunistik partiyasining bosh kotibi etib saylandi. Shunday qilib, u mamlakatdagi siyosatchilar hokimiyatida yuqori lavozimni egalladi va prezidentlik lavozimini tark etdi.
67 yoshli Liong Kuongning saylanishini majlisda ishtirok etgan barcha 440 nafar qonun chiqaruvchi qo‘llab-quvvatladi. Kuong esa har tomonlama kengaytirilgan tashqi siyosat olib borishga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, prezidentlikka saylangan Liong Kuong 1957 yil 15 avgustda Vetnamning shimoliy qismidagi Futxo provinsiyasida tug‘ilgan. Partiya va davlat boshqaruvi bo‘yicha bakalavr darajasiga ega. 1993-2010 yillarda Siyosiy himoya va kontrrazvedka boshqarmalari va bo‘linmalarida rahbarlik lavozimlarini egallagan. Shuningdek, u 1981 yildan beri Vetnam Kommunistik partiyasi a’zosi. 2010 yilda Jamoat xavfsizligi vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan, 2016 yilda esa vazir lavozimini egallab, 3 yildan so‘ng general unvoniga sazovor bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakatdagi hukmron Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Prezidenti Vo Van Txiongning iste’fosini qabul qilgandi. 53 yoshli Vo Van Txiong partiya nizomining bir qancha bandlarini buzgan va buning ortidan jamoatchilikning salbiy reaksiyasiga duchor bo‘lgan. Oqibatda u iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berishga qaror qilgan. Bu markaziy qo‘mita yig‘ilishida ma’qullangan. Keyinroq esa, Vetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy Assambleyasining (bir palatali parlament) Xanoyda bo‘lib o‘tgan yettinchi sessiyasida hukmron Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Jamoat xavfsizligi vaziri, armiya generali To Lamni mamlakatning yangi Prezidenti etib saylangandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi