O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi elchisi tayinlandi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
7285Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ish boshladi. Bu haqda “Dunyo“ axborot agentligi xabar berdi.
Agentlikning bugun, 26 oktyabr kuni e’lon qilgan xabariga ko‘ra, shu vaqtga qadar O‘zbekistonning Shvetsiyadagi Muvaqqat ishlar vakili sifatida ishlab kelayotgan Nodir G‘aniyev endilikda mamlakatning Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritadi.
52 yoshli diplomat Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparat va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
G‘aniyev Shvetsiyaga jo‘nab ketishidan oldin TIVning Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Stokgolmdagi diplomatik vakolatxonasi 2022 yilda ochilgan va u mamlakatning xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abat Fayzullayev O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi sifatida ish boshlagani haqida xabar berilgan edi. U 2018-2023 yillarda O‘zbekistonning Rimdagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan Otabek Akbarov o‘rniga tayinlangan.