O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi Lukashenkoga ishonch yorliqlarini topshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Marosimda O‘zbekiston elchisi bilan bir qatorda Braziliya, Peru, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya, Myanma, Saudiya Arabistoni, Liviya va Ruandaning yangi tayinlangan elchilari ham ishtirok etgan.

Yangi diplomatik missiyalar rahbarlariga murojaat qilgan Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim o‘rnini alohida ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, o‘tgan oy O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Belarusga amalga oshirilgan tarixiy tashrif ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, hamkorlik rivojida yangi bosqichni boshlab bergan.

Suhbat davomida tomonlar barcha darajalardagi ochiq va ishonchli muloqot savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy loyihalarni jadallashtirishga, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni tez fursatda amalga oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 iyul kuni investitsiya hamda tashqi savdo masalalariga befarqligi aytilgan O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov lavozimidan ozod etilgan edi.

27 iyul kuni esa Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing