O‘zbekistonning barcha hududida koronavirusga chalinganlar aniqlandi
Jamiyat
−
07 aprel 2020
35518O‘zbekistonning barcha hududlarida koronavirusga chalingan bemorlar aniqlangan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinkasida davolanayotgan 92 bemorning 23 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.
Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 66 bemordan 1 nafarining ahvoli o‘rta og‘irlikda, 1 nafariniki esa o‘ta og‘ir.
Koronavirusga chalingan bemorlar Toshkent shahridan tashqari yana 8 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalarida davolanayotgani to‘g‘risida ma’lumot bergan edik. Bu bemorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda doimiy yashaydigan fuqarolardir. Ular qaysi charter reys bilan qayerga olib kelingan bo‘lsa, aynan shu yerda tibbiy kuzatuvga olingan, bemorlar esa tegishli tibbiy muolajalarni olyapti.
Biron bir hudud fuqarolari bizda kasallik chiqmadi, degan fikr qilishi kerak emas. Kasallikka chalinganlar respublikamizning barcha hududlaridan aniqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir hududga kasallik kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas”, dedi Nurmat Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 472 nafarga yetdi. Ularning 30 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi