O‘zbekistonni “unutgan” AQSH, “qulagan” lira, hukmi o‘qilgan Benzema – yangiliklar dayjesti
Jamiyat
−
24 noyabr 2021
7092Bugun, 24 noyabr kuni O‘zbekiston va jahonda muhim maydonda yuz bergan muhim voqealar bilan yakuniga yetmoqda. Xususan, kun davomida AQSH O‘zbekistonni demokratiya sammitiga taklif qilmagani ma’lum bo‘ldi. Mamlakat tashqarisiga nazar soladigan bo‘lsa, Turkiyada milliy valyuta lira qarsizlanishi ortidan odamlar ko‘chaga chiqdi. Sportga keladigan bo‘lsak, “Real Madrid” sardori Benzamaga sud hukmi o‘qildi. Bugunning muhim voqealari bilan qisqa satrlarda tanishing.
Jamiyat
Qashqadaryoda er xotinini do‘pposlab o‘ldirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat prokuraturasi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 21 oktyabr kuni Yakkabog‘ tumani, “Uyg‘ur” mahallasida yashovchi fuqaro U.E. mast holatda turmush o‘rtog‘i G.X. bilan o‘zaro janjallashib, uni bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda G.X. vafot etgan.
Nega birjada arzonlashgan benzin “zapravka”larda hamon qimmat? MQKQ izoh berdi
Joriy yilning 23 noyabr kuni birja savdolarida jami 4196 tn AI-80 markali benzin qo‘yilgan bo‘lsa, shundan 3741 tn yoki 89 foizi sotilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 129 ming so‘mdan 8 444 ming so‘mgacha pasayib 17 foizga arzonlashdi.
Shuni ta’kidlash joizki, kichik 1 tn lotlar savdosida Buxoro NQIZ tomonidan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan benzining o‘rtacha sotish narxi 7028 ming so‘mgacha pasaydi yoki 16 noyabrga nisbatan 31 foizga arzonlashdi, “Sanoat energetika guruhi” MCHJ QK mahsuloti bo‘yicha pasayish 17 foizni tashkil etdi.
Rossiyada Amir Temur haykali o‘rnatiladi
O‘zbekiston hukumati Rossiyaning Samara viloyatida Amir Temur haykalini o‘rnatishni rejalashtiryapti. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Harbiy tarixni o‘rganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Haykal Samara viloyatidagi Kodurcha vohasida mahalliy o‘lkashunoslar tomonidan buyuk harbiy sarkarda Amir Temurga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik toshi o‘rnida barpo etilishi kerak.
“Samara viloyatidagi Kodurcha vohasida mahalliy o‘lkashunoslar tomonidan buyuk harbiy sarkarda Amir Temurga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik toshi o‘rnida Amir Temur va uning harbiy sarkardalari ifodalangan kompozitsion haykal o‘rnatish bo‘yicha ko‘rik-tanlov e’lon qilish hamda tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan haykal majmuasini o‘rnatish yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan memorandum tuzish ishlarini olib borish, O‘zbekiston Respublikasi jangovar ordeni sohiblari tug‘ilib o‘sgan yoki istiqomat qilayotgan joylarda mahalliy ko‘ngillilar tomonidan esdalik lavhalari, yodgorlik toshlarini o‘rnatish”, deyilgan qaror bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da
Samarqandda konteyner ichidan 2 nafar yollanma ishchining jasadi topildi
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi konteyner ichida 2 nafar yollanma ishchinining jasadi topildi. Holat yuzasidan tuman hokimi baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Tuman hokimining “Pastdarg‘om tumanida baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish va oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilishicha, joriy yilning 17 noyabr kuni “Balxiyon” MFYda joylashgan “Agrokimyo ta’minot servis” MCHJning kirish darvozasi oldiga o‘rnatilgan “metall konteyner” ichidan 2 nafar yollanma ishchining jasadi topilgan. Ular noma’lum etiologik zaharlanish oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
Hokim va uning o‘rinbosarlari vakolatining chegarasi belgilab qo‘yiladi
Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining “2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingani haqida xabar bergandik.
Hujjatda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi Davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar samaradorligini oshirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish maqsadida ishlab chiqish belgilangan.
Farmoyishga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilishda hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash, davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish, rahbar o‘rinbosarlarining yo‘nalishlar kesimidagi javobgarlik chegaralarini aniq belgilash, vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish kabilar ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Olam
Dunyoning eng keksa odami vafot etdi
Filippinning eng keksa fuqarosi Fransiska Susano 124 yoshida G‘arbiy Negros provinsiyasidagi Kabankalan shahrida vafot etdi. Bu haqda “Inquirer” internet nashri uning qarindoshlariga tayanib xabar bergan.
“Mamlakatdagi eng keksa odam hisoblangan 124 yoshli Fransiska Susano dushanba kuni kechasi kamida 15 nevarasi qurshovida vafot etdi”, deb yozadi nashr.
Ta’kidlanishicha, Susano 1897 yilning sentyabrida tug‘ilgan va fermer bo‘lgan. Uning 14 farzandi va 500 dan ortiq nevarasi bo‘lgan.
Oq uy: Bayden ta’tilga chiqdi
AQSH Prezidenti Jo Bayden besh kunlik qisqa ta’til uchun Massachusetsga jo‘nab ketdi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Bayden allaqachon Nantaket kurort oroliga yetib borgan. Baydenning jadvaliga ko‘ra, u joriy yilning 28 noyabriga qadar hech qanday ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaydi.
26 noyabr kuni Qo‘shma Shtatlar milliy bayram — Shukronalik kunini nishonlaydi va ko‘plab amerikaliklar ushbu bayramdan oldingi va keyingi kunlarda qarindoshlarini ziyorat qilish uchun ta’til olishadi.
“Hukumat — iste’foga!” Turkiyada lira “qulashi” ortidan namoyish o‘tkazildi
Turkiyada milliy valyuta — liraning dollarga nisbatan keskin qadrsizlangani oqibatida mamlakatning yirik shaharlari Anqara va Istanbulda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Cumhuriyet” nashri xabar bergan.
Ishtirokchilar hukumat va hukmron “Adolat va taraqqiyot partiyasi” a’zolari iste’fosini talab qilgan. Namoyishlar kecha, 23 noyabr kuni kechqurun boshlangan hamda poytaxt va Istanbulning turli tumanlarida bo‘lib o‘tgan.
Qadrsizlanayotgan lira: Turkiya aholisi Erdo‘g‘anni qo‘llov kampaniyasini boshladi
Turkiya aholisi turk lirasi zaiflashganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an hukumatini qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda.
DevletiminYanindayim (“Men davlatni qo‘llab-quvvatlayman”) xeshtegi so‘nggi 24 soat ichida Twitter’da faol kuchayib bormoqda. 12 soatdan kamroq vaqt ichida deyarli 900 ming foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqda ushbu xeshteg bilan postlar chop etgan.
Shuningdek, Twitter’da Respublikadagi iqtisodiy vaziyat yomonlashgani munosabati bilan odamlarni ko‘chaga chiqishga undayotganlar ham bor. Bunday foydalanuvchilar Sokaga (“Ko‘chaga”) xeshtegidan foydalanmoqda. Biroq, bunday foydalanuvchilar uch baravar kam — 294 ming kishi.
AQSH demokratiya sammitiga O‘zbekistonni taklif qilmadi
AQSH joriy yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan “Demokratiya sammiti”da ishtirok etish uchun taklif etilgan 110 davlat ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatga O‘zbekiston kiritilmagan.
Qayd etilishicha, sobiq SSSR davlatlari orasida Ukraina, Armaniston, Gruziya, Moldova, Litva, Latviya va Estoniya taklif etilganlar ro‘yxatidan joy olgan. Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon esa ishtirokchilar orasida qayd etilmagan.
Sport
MYU va “Chelsi” pley-offda: YeCHLda nimalar sodir bo‘ldi?
Kecha, 23 noyabr kuni UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turidan o‘rin olgan 8 ta uchrashuv o‘tkazildi.
“F” guruhida “Manchester Yunayted” safarda “Vilyarreal”ni mag‘lub etib, pley-off bosqichiga yo‘l oldi. “Qizil iblislar”ni ushbu uchrashuvga sobiq futbolchi Maykl Kerrik murabbiy sifatida boshlab tushdi.
Birinchi bo‘limda jamoalarda bir qancha qulay vaziyatlar bo‘lgan bo‘lsada, tomoshabinlar golga guvoh bo‘lishmadi.
Benzemaga sud hukmi o‘qildi
Avvalroq, Karim Benzema “Olimpiakos” yarim himoyachisi Mate Valbuenani “shantaj” qilgani o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda shartli ravishda 10 oylik qamoq jazosi va 75 ming yevro miqdorida jarima belgilanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 24 noyabr kuni Versal jinoiy sudi Valbuena va Benzema o‘rtasidagi shantaj ishi bo‘yicha hukm chiqardi.
Unga ko‘ra, “Qirollik klubi” sardori shaxsiy videolarning tarqalishida jinoyatchilar bilan sheriklik qilishda aybdor, deb topildi. Sud qaroriga ko‘ra, futbolchi o‘z qilmishining jinoiy asosga ega ekanini bilmaganini ta’kidlagan. U shartli ravishda bir yil qamoq va 75 ming yevro jarimaga tortilgan. Bu esa mumkin bo‘lgan maksimal jazo hisoblanadi. Prokuror esa fransiyalik hujumchiga belgilangan qamoq jazosini 10 oylik muddatga almashtirishni so‘ragan.
Ronaldu YeCHLda rekord o‘rnatdi
Kecha, 23 noyabr kuni UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichidan o‘rin olgan “Vilyarreal” – “Manchester Yunayted” uchrashuvida g‘alaba golini urgan Ronaldu YeCHLda rekord qayd etdi. Bu haqda “YeSPN Stats” nashri ma’lumot berdi.
Gap shundaki, 36 yoshli portugaliyalik Chempionlar ligasi bir mavsumida 3 o‘yinda g‘alaba golini urgan birinchi futbolchiga aylandi. Bunga qadar hech kim ushbu natijaga erisha olmagan. “Vilyarreal”ga qarshi dastlabki bahsning 95-daqiqasi (3:2) va ikkinchi uchrashuvning 78-daqiqasida (2:0), shuningdek, “Atalanta” bilan o‘yinning 81-daqiqada (3:2) g‘alaba golini kiritgan.
LiveBarchasi