O‘zbekistonliklar Hindistonda katta miqdordagi pulini o‘g‘irlatdi

3-sahifa

image

Joriy yilning 15 yanvar kuni Hindiston poytaxti Dehli shahrida O‘zbekiston fuqarosi yirik miqdordagi o‘g‘rilik qurboniga aylandi. U voyaga yetmagan qizini onkologik davolatish uchun Dehliga borib, Jama Masjid bozori hududida 7 200 AQSH dollaridan ayrilgan. Bu haqda “Times Now” xabar berdi.

Hindiston politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchi oilasi bilan bozorga chiqqan vaqtida o‘zi bilan katta miqdorda naqd pul olib yurgan. U mablag‘ni mehmonxonada qoldirishni istamagan va pulni sumkasiga solib olgan. Bozordagi gavjumlik va tirbandlikdan foydalangan noma’lum shaxslar sumkaning ichidagi pullarni o‘g‘irlab ketgan.

Holat yuzasidan jabrlanuvchi Jama Masjid politsiya bo‘limiga murojaat qilgan. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari tomonidan tezkor tergov harakatlari boshlangan.

Dehli politsiyasi Markaziy hudud boshqarmasi rahbari Anant Mittalning ma’lum qilishicha, voqea joyi batafsil ko‘zdan kechirilgan, atrofga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari tasvirlari o‘rganilgan hamda texnik tahlillar o‘tkazilgan. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida ikki nafar voyaga yetmagan aka-uka gumonlanuvchi sifatida aniqlangan.

Politsiya Nyu-Silampur hududida maxsus reyd o‘tkazib, gumonlanuvchilarni ularning otasi bilan birga qo‘lga olgan. Ma’lum qilinishicha, u bolalarini bu ishga jalb qilgan. Hozirda ushbu jinoyat yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda fohishalikka majburlangan o‘zbekistonlik ayol qutqarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Hindiston politsiya fuqaro Dehli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing