O‘zbekistonlik murabbiy Qirg‘iziston tomonidan taqdirlandi
Sport
−
22 avgust
19530Parij Olimpiadasida qirg‘izistonlik bokschiga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro oltin medal bilan taqdirlandi. Murabbiyga ushbu mukofotni Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi topshirdi.
“Biz murabbiylar hamma sportchilarga qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Munarbekka ham yordamim tekkanidan mamnunman. Hammaga tashakkur aytaman. Yaqinda Munarbekning to‘yi bo‘lib o‘tadi. Agar nasib qilsa, albatta to‘yiga boraman”, degan Hasanov.
Qirg‘iziston boksi tarixidagi ilk kumush medal sohibi bo‘lgan Munarbekning o‘zi ham tez orada to‘yi bo‘lishini aytib o‘tdi. Olimpiada oldidan Seyitbek uli sevgan qiziga turmush qurishni taklif qilgan va musobaqa yakunlangach, to‘yni o‘tkazishga va’da bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon 24 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan to‘y marosimi anonsi bo‘lgan videolar tarqalgan.
Fransiyada joriy yilning 26 iyul -11 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda 32 ta sport turi bo‘yicha 329 ta medallar jamlanmasi uchun kurashildi. O‘yinlarda 206 ta Olimpiya terma jamoalaridan 10,5 ming nafar sportchi, shuningdek, neytral maqomga ega individual sportchilar ishtirok etdi.
O‘yinlarning boks bahslarida 4 avgustga o‘tar kechasi qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini o‘tkazib, yarim finalga chiqdi. Munarbekning shaxsiy murabbiyi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya muammolari sabab Parijga bora olmagandi.
Shu sababli jang davomida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qildi. O‘zbekistonlik murabbiy jangdagi tanaffus davomida Munarbekning yuziga suv sepib turgan va unga jang usullari haqida kerakli maslahatlar bergan.
Ushbu holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining iliq fikrlari bilan kutib olindi.
Akmal Hasanov jurnalistlarga bergan intervyusida bu holatni izohlab, Munarbekning g‘alabasidan ko‘ziga yosh olganini aytgan.
Qirg‘izistonlik internet foydalanuvchilari ham o‘zbek murabbiyi bu harakati bilan butun dunyoga Markaziy Osiyo birdamligini ko‘rsatib qo‘yganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, ushbu jangda Munarbek Seyitbek o‘g‘li yarim finalga chiqdi. U keyingi jangini 9 avgustda bolgariyalik Haviyer Ibanez Diazga qarshi o‘tkazdi. Finalda esa o‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Xalokov bilan to‘qnash keldi. Biroq u Xalokovga mag‘lub bo‘ldi va Olimpiada kumush medali bilan taqdirlandi.
LiveBarchasi