Milliardlarga tushgan medallar
Sport
−
14 avgust
16036Olimpiada yakunlangan bo‘lsa ham uning ta’siridagi voqeliklar hali anchagacha barchaning diqqatini o‘ziga qaratadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Parij Olimpiadasida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. O‘zbek atletlari Fransiya arenalarida 19 ta sport turidan qatnashib, 5 ta sport turida medallar qo‘lga kiritishni uddaladi.
Kutilganidek, O‘zbekiston hisobiga eng ko‘p va sifatli medalni boks terma jamoasi taqdim etdi – 5 ta oltin medal. Undan tashqari, taekvondo, erkin kurash va dzyudo turlaridan vakillar ham Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritdi.
Umumiy hisobda 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal va delegatsiya umumjamoa hisobida 13-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sovrindorlarning ko‘p bo‘lishi yaxshi, lekin har bir medal sohibi uchun byudjetdan jarag‘-jarag‘ pullar sarflanishini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak.
Olimpiadadan avval Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida bo‘lib o‘tgan sportchilarni Parijga kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Fransiyada sovrindor bo‘lgan sportchilarga qancha miqdorda pul mukofoti berilishini ma’lum qilgandi.
Unga ko‘ra, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining oltin medal sohiblariga 200 ming, kumush medal egalariga 100 ming, bronza medal sovrindorlariga esa 50 ming AQSH dollari pul mukofoti, sportchilarning murabbiylariga esa mos ravishda 50, 25, 12,5 ming AQSH dollari berilishi aytilgandi.
Haqiqatdan sportchilar Toshkentga qaytishi bilanoq, Milliy Olimpiya qo‘mitasi binosida ularga va’da qilingan pul mukofotlari taqdim etildi.
Jumladan, 8 ta oltin medal egasining har biriga 200 ming AQSH dollari, Toshkent shahridan 2 qavatli kottej va Tahoe avtomobili, 2-o‘rin sohiblariga 100 ming AQSH dollari, 2 qavatli kottej va BYD Song Plus Champion, bronza medali egalariga ham uy hamda BYD, shuningdek, 50 ming AQSH dollari taqdim etildi.
Shunda 1 nafar oltin medal egasiga beriladigan mukofotlar summasini jamlaganimizda Tahoe narxi taxminan 1 milliard 110 million so‘m, sportchilarga beriladigan 2 qavatli kottej narxi aniq qancha ekanligi noma’lum, biroq Toshkent shahrining qulay lokatsiyalaridagi 250-300 m2, 4-5 xonali uylarning narxi 1,5-2 milliard so‘mni tashkil etadi. Qo‘shimchasiga 1-o‘rin egalariga 200 ming dollar so‘mga chaqqanimizda 2,5 milliard so‘m pul mukofoti berildi.
Umumiy hisoblaganda Parijda chempion bo‘lgan 1 nafar sportchi O‘zbekistonga qaytib, milliarderga aylanmoqda, ya’ni 5,5 milliardlik sovg‘aga ega bo‘lmoqda.
E’tiborlisi, o‘zbekistonlik oltin medal egalari 8 nafarni tashkil etadi. Faqatgina oltin medal sohiblariga sarflanadigan summaning o‘zi esa 44 milliard so‘mni tashkil etyapti.
Parijda 2-3 o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilarga BYD Song Plus Champion mashinasi sovg‘a qilindi. Bu mashinaning narxi salkam 400 million so‘m.
Shunda Fransiyada kumush medalini delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘ygan sportchi O‘zbekistonga kelib, 400 million so‘mlik avtomobil, 2 milliardlik so‘mlik kottej va 1 milliard 255 million so‘m pul mukofoti sohibiga aylanyapti. Ana shunda hisob-kitobga ko‘ra, Parijda shohsupaning 2-pog‘onasidan joy olgan ikki o‘zbekistonlik sportchiga 3 milliard 655 million so‘mdan, jami 7 milliard 310 million so‘m sarflangan.
Parijda 3 nafar o‘zbekistonlik atlet bahslarda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonga qaytgach, ularga 627 million so‘m pul mukofoti, 400 million so‘mlik BYD avtomobili va 2 milliard so‘mlik kottej berildi.
Taxminiy hisoblarimizga binoan, 1 nafar bronza medali egasiga jami 3 milliard 27 million byudjet puli sarflangan, 3 milliard 27 million so‘mni uchga ko‘paytirganda esa 9 milliard 81 million so‘m kelib chiqadi.
Barcha g‘olib va sovrindorlarga sarflangan umumiy summa esa 60 milliard 391 million so‘mni tashkil qildi.
Bu summa O‘zbekistonning qay darajada sportsevar, sportchilarini sevar davlat ekanligini ko‘rsatib beradi.
Olimpiada chempion va sovrindorlari hali o‘z viloyat hokimlaridan ham qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilib oladi.
LiveBarchasi