O‘zbekistonga yopirilgan chang bo‘roni salomatlik uchun qanchalik xavfli?

Jamiyat

image

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Bioorganik kimyo instituti olimlari Toshkent tarqalgan chang bo‘ronidan keyin cho‘kkan chang tarkibi o‘rganib chiqdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Chang tahlili uchun namunalar poytaxtning Olmazor tumani “Beruniy” metro bekati va Mirzo Ulug‘bek tumanining “Akadem shaharchasi” xududidan olingan. Chang tarkibi SmartSEM dasturiy ta’minoti yordamida 100 mkm dan 1 mkm gacha bo‘lgan turli masshtablarda olindi.

Qayd etilishicha, namunalar SEM - EVO MA 10 (Zeiss, Germaniya), Panalytical Empyrean rentgen difraktometri, Agilent 7890B gaz xromatografi kabi qurilmalarda tahlil qilindi. Uskunalar ishi Data Collector dasturi yordamida nazorat qilindi.

Tadqiqot natijasiga ko‘ra, chang hajmi 5 mikrongacha bo‘lib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir.

“2021 yil 5 noyabrdagi chang namunalari 42 turdagi pestitsidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilinganda namunalarda pestitsidlar mavjud emasligi aniqlandi. Tahlil ma’lumotlari chang tarkibida tuz ham me’yorda ekanligini ko‘rsatdi. Chang namunalarida rN o‘lchovi chang eriganida ishqoriy xususiyatlarini ko‘rsatdi.

Namunalar tahlili ular tabiatiga ko‘ra standart chang ekanligini ko‘rsatdi. Chang tarkibida og‘ir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestitsidlar mavjud emas”, deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshdi.

Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.

“O‘zgidromet” kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday changli g‘ubor hodisasi kuzatilmagan. Sinoptiklar 12 noyabrgacha mamlakatda yog‘ingarchilik kutilmayotganini, shu sababli havodagi chang yana bir muddat saqlanib qolishi mumkinligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

chang

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing